Jahon | 08:30 / 22.11.2020
17034
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ochiq osmon haqidagi kelishuvdan chiqadi

22 noyabrda AQSh Ochiq osmon haqidagi kelishuvdan chiqishi kutilmoqda. Shu kuni Vashington kelishuvdan chiqishi haqida uning boshqa ishtirokchilarini ogohlantirganiga 6 oy to‘ladi.  

Foto: RIA Novosti

Kelishuv 1992 yil 24 mart kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a'zo 27ta davlat o‘rtasida tuzilgan. AQShdan tashqari yana 33ta davlat kelishuv ishtirokchisi hisoblanadi. Kelishuv doirasida ushbu davlatlar bir-birining hududi ustidan kuzatuv parvozlari bajarishi hamda foto va videos'yomka olib borishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning kelishuvdan chiqishi haqida 21 mayda e'lon qilgan.

Tramp bu qarorni Rossiya kelishuv shartlarini buzgani bilan tushuntirgan. “Shu sababli, ular shartlarga amal qilmaguncha, biz kelishuvdan chiqib turamiz. Biroq biz yangi kelishuv tuzishga erishishimizga yoki joriy kelishuvga qaytish uchun birgalikda biror ish qilishga yaxshi imkoniyatga egamiz”, deb aytgan Tramp. 

AP axborot agentligining AQSh ma'muriyati vakillariga tayanib o‘shanda yozishicha, Vashingtonning noroziligiga Rossiyaning Moskva, Checheniston, Abxaziya va Janubiy Osetiya hududi ustidan parvozlarni cheklagani hamda Kaliningrad ustidan parvozlar o‘tkazish qoidalarining qat'iylashtirilgani sabab bo‘lgan. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Moskva kelishuvni “tahdid qilish va qo‘rqitish vositasi”ga aylantirib olgan. 

Rossiya ushbu ayblovlarni rad etgan va AQShga nisbatan javob e'tirozlari bildirgan. “Misol uchun, AQSh 2017 yildan ushbu kelishuvni Rossiyaga nisbatan bajarish bo‘yicha o‘z yondashuvlarini qat'iylashtirgan va 2018 yil yanvardan mamlakatimizga nisbatan bir nechta cheklovlar amal qila boshlagan”, deb ta'kidlab o‘tgan o‘shanda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Uning ta'kidlashicha, Vashington Havayi orollari ustidan kuzatuv parvozlari o‘tkazish qoidalarini o‘zgartirgan va AQShning qit'adagi qismida tungi vaqtni o‘tkazishga ruxsat bermay qo‘ygan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid