O‘zbekiston | 13:21 / 03.12.2020
2958
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

AKT, dasturiy ta'minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha oliy ma'lumotli raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda boshqalar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi

Qarorga muvofiq, Toshkent shahridagi Yaponiya raqamli universiteti nodavlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. 

Universitetda o‘qitish Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa nufuzli OTM hamda O‘zbekiston davlat ta'lim standartlari talablari inobatga olingan holda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq yapon va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 

Universitetda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi va masofaviy ta'lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi. 

2020/2021 o‘quv yili hamda keyingi o‘quv yillarida universitetga qabul qilish parametrlari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

“Muhandis-dasturchi” bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha universitetga talabalarni qabul qilish 2020/2021 o‘quv yilidan, “Kompyuter grafikasi va dizayn” bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha – keyingi o‘quv yilidan boshlab amalga oshiriladi. 

Har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari tanlov asosida bepul (universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi.

Bitiruvchilarga oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Yaponiya universitetlari hamda O‘zbekistonining belgilangan namunadagi diplomlari beriladi. 

Universitet O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi 21-a uy manzilidagi 3-o‘quv binosining birinchi qavatiga joylashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid