Jahon | 21:46 / 09.12.2020
4450
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada Saakashvili partiyasini saylovlarga qo‘ymaslikka qaror qilindi

Gruziyaning hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi sobiq prezident Mixail Saakashvilining partiyasini saylovlarda ishtirok etish imkonidan mahrum qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.  

Foto: Zurab Kurtiskidze / EPA / TASS

Hukmron partiya ijrochi kotibi Irakliy Kobaxidzening ta'kidlashicha, Saakashvili mamlakatdagi qutblanishning bosh manbasi hisoblanadi va mamlakat uchun muammolar tug‘dirmoqda. “Mixail Saakashvili konstitutsiyada saylovlarga qo‘yilgan ikkita talabga to‘g‘ri kelmaydi – u Gruziya fuqarosi hisoblanmaydi va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan”, deb eslatib o‘tgan Kobaxidze. 

Shu sababli “Gruziya orzusi” tomonidan yetakchilari saylov qonunchiligiga muvofiq kelmaydigan partiyalarga saylovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlamoqda. 

“Bu o‘zgarishlar konstitutsiyaviy talablarning nafaqat tegishlicha bajarilishini ta'minlaydi, balki Gruziya demokratiyasining ravon rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi”, deb aytgan partiya kotibi.

Gruziyada 31 oktyabrda parlament saylovlarining 1-turi bo‘lib o‘tgandi. Unda “Gruziya orzusi” 48 foiz ovoz olgan. Tarkibiga Saakashvilining “Umumiy milliy harakat” partiyasi kiruvchi muxolifat bloki “Kuch birlikda” 27,12 foiz bilan 2-o‘rinni egallagan. 2-turda esa “Gruziya orzusi” vakillari barcha saylov uchastkalarida g‘alaba qozongan va ularning har biri 85 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid