O‘zbekiston | 09:44 / 12.12.2020
7234
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya talablari o‘zgartirildi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistondan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Foto: Shutterstock

Norma’ning yozishicha, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga quyidagi bandlar kiritildi:

  • xususiy bandlik agentligi tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni litsenziyalovchi organning «labor-migration» axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida bajarilgan shartnomalarga oid arxiv materiallarini shakllantirish va saqlash;
  • xususiy bandlik agentligi to‘g‘risidagi, shuningdek, uning filiallari va vakolatxonalari haqidagi ma'lumotlar o‘zgarganligi to‘g‘risida litsenziyalovchi organni 7 ish kuni ichida xabardor qilishi.

Bundan tashqari, zaxiraga qo‘yiladigan mablag‘larning eng kam miqdoriga doir talablar o‘zgartirildi:

ariza beruvchining shakllantirilgan ustav fondi mablag‘lari hisobidan BHMning 8 500 baravari miqdoridagi mablag‘lar (ilgari 50 000 AQSh dollari edi) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi depozit hisobraqamiga zaxiraga kiritiladi.
 
Lisenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish tartibiga o‘zgartirish kiritildi, unga muvofiq ariza beruvchi axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali ERIdan foydalangan holda ariza bilan murojaat etishi lozim bo‘ladi. Barcha ilova qilinadigan hujjatlar, shu jumladan «Yagona milliy mehnat tizimi»ga kiritilgan ma'lumotlar elektron shaklda taqdim etiladi.
 
Lisenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish uchun litsenziyalovchi organga quyidagilarni amalga oshirish huquqi berildi:

  • xususiy bandlik agentliklarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish;
  • barcha zarur hujjatlar bilan tanishib chiqish;
  • mansabdor shaxslardan tekshiruv o‘tkazish chog‘ida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar olish;
  • qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun yetarli bo‘lgan muddatlarni belgilash;
  • tekshiruvlar natijalari asosida xulosa tuzish;
  • sudga murojaat qilish yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qilish;
  • litsenziya olmay fuqarolar xorijda ishga joylashtirilganligi yoki litsenziya bitimida nazarda tutilmagan xizmatlar ko‘rsatilganligi aniqlanganligi to‘g‘risidagi materiallar va ma'lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish.

Hujjat 3.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid