O‘zbekiston | 09:38 / 15.12.2020
3134
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati bo‘yicha qaror qabul qiladi

Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. 

Foto: Depositphotos

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimi tuzilmasida nogironligi bo‘lgan bolalar soni va hududlarning masofasini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ikkitadan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bittadan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hamda Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida bittadan tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vaziri belgilangan tartibda:

  • Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimining vrachlari va tibbiyot hamshiralarini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari, shuningdek Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi va uning mintaqalardagi filiallari bazasida bepul asosda har besh yilda kamida bir marta, muntazam ravishda malakasini oshirish hamda “Vrachlik-ijtimoiy ekspertizasi” bo‘yicha birlamchi ixtisoslashtirish kurslaridan o‘tishini tashkillashtiradi;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, reabilitologiya, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya, ergoterapiya mutaxassislarini tayyorlashdagi magistratura, klinik ordinatura, qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarini xalqaro ta'lim standartlari asosida takomillashtirish choralarini ko‘radi;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda xalqaro tajribalarni o‘rganish va olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar asosida 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda nogironlik belgilashning xalqaro mezonlariga bosqichma-bosqich ijtimoiy modeliga o‘tish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini belgilangan talablarga javob beradigan, fuqarolarning borishi uchun qulay bo‘lgan binolar va xonalarda joylashtirish choralarini ko‘radi.

Belgilanishicha:

  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;
  • davlat tibbiyot muassasalari tibbiy-maslahat komissiyalarining 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish yuzasidan xulosa berish funksiyasi bekor qilinadi, boshqa funksiya va vazifalari saqlab qolinadi.

Qaror qabul qilinguncha tayyorlangan Nogironlik to‘g‘risidagi eski namunadagi ma'lumotnomalar blankalari tugagungacha ishlatiladi va rasmiylashtirilib berilgan eski namunadagi Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni navbatdagi qayta ko‘rikdan o‘tkazguncha yoki ularda ko‘rsatilgan reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish (agar nogironlik muddatsiz belgilangan bo‘lsa) tugaguncha haqiqiy hisoblanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi nogironlik belgilangan shaxslarga nogironlikning guruhi, sababi, muddati, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilishi darajasi to‘g‘risida hamda nogironlik muddati tugayotganligi sababli qayta ko‘rikka kelishi to‘g‘risida bir oy oldin muddatda xabardor qiluvchi bepul SMS xabari yuborish bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etadi.

2021 yil 1 iyulga qadar Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining taklifi asosida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarni va undan yuqori yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni elektron ma'lumotlarini o‘zida jamlaydigan («TIEK») elektron dasturiy kompleksining yangi talqini ishlab chiqilishini ta'minlaydi.

18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarga va 18 yoshdan yuqori yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani elektron shaklda yuritilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid