«O‘zbektelekom» AK bosh direktori o‘rinbosari Alisher Zufarov 2020 yilda mamlakat operatorlari va provayderlariga ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlari narxlarini pasaytirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, IP-transport xizmatlari bo‘yicha «Ma'lumotlarni uzatish magistral va mulservis tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida joriy yilda transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 2 barobarga (400 Gbit/s. gacha), tuman markazlarigacha esa 4 barobarga (40 Gbit/s. gacha) oshirilgan.
«Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlangani munosabati bilan 2021 yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirilmoqda.
Transport tarmog‘i o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va narxlarini arzonlashtirish operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi», – dedi Alisher Zufarov.
Ta'kidlanishicha, 2020 yil noyabr oyidan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Mbit/s tezlikdagi kanal narxi oldingi tariflarga nisbatan 20 foizga arzonlashtirilib, 45 022 so‘m deb belgilangan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab mazkur xizmat narxi 40 000 so‘mgacha arzonlashtirilishi rejalashtirilmoqda.