Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyalik ekspert investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga maslahatchi bo‘ladi
Joriy yilning 15 dekabr kuni hukumat delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Shinichi Kitaoka bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda moliyaviy, texnik, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida “O‘zbekistonda meva-sabzavot sohasida qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasining qo‘shimcha 200 mln dollarlik ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Loyiha birinchi bosqichining yuqori natijadorligi qayd etildi, uning doirasida qishloq joylarda 85ta issiqxona va 11 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
“Bir qishloq - bir mahsulot" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jizzax viloyati loyiha amalga oshiriladigan dastlabki hudud bo‘ladi. Loyiha BMTning barqaror rivojlanish kun tartibidagi maqsadlariga erishishga yordam beradi, kichik va o‘rta biznesni keng rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, ilg‘or yapon tajribasi va texnologiyalaridan foydalangan holda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etishda JICA tomonidan ko‘mak ko‘rsatilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston tomoni 2021 yilning yanvar oyidan boshlab Yaponiyaning qator yirik korporatsiya va moliya institutlarida yetakchi lavozimlarni egallagan yaponiyalik ekspert Xiro Ivazakining to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlashga jalb etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar keng ko‘lamli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldi.
Xususan, Yaponiya tomoni O‘zbekiston hududlaridan birida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasini hamkorlikda ishlab chiqish taklifini bildirdi. Loyiha JICA grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Yaponiya tomoni o‘zbekistonlik talabalar uchun Yaponiyadan yetakchi olim va ekspertlarni jalb qilgan holda ma'ruza va mahorat darslarini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi “JICA Chair” grant dasturini ishga tushirishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, JICA rahbariyati Yaponiyaning yetakchi universitetlarida o‘zbekistonlik talabalarni o‘qitish uchun ajratilgan grantlar sonini ko‘paytirish niyatini ma'lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan aviatransportda joriy etilgan cheklovlar bekor qilinishi bilan Sh. Kitaokaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilishga kelishib oldi.
Mavzuga oid
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
20:36 / 06.06.2026
Talaba vizasining muddati tugagan o‘zbekistonlik Yaponiyadan deportatsiya qilindi
18:54 / 05.06.2026
Dunyodagi eng mashhur 10 ta avtomobil brendi nomi e’lon qilindi
08:33 / 04.06.2026