Jahon | 03:15 / 19.12.2020
4219
2 daqiqa o‘qiladi

Somalida stadiondagi portlashda 10 kishi halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Somalining markaziy qismida joylashgan Galkayo shahridagi stadionda sodir etilgan portlash oqibatida 10 kishi, jumladan yuqori mansabdor shaxslar halok bo‘ldi. Shabelle radiostansiyasining xabar berishicha, portlash stadionga bosh vazir Muhammad Husayn Roble kelishidan biroz oldin yuz bergan.

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, terakt xudkush tomonidan amalga oshirilgan. Hukumat uni “Ash-Shabob” terrorchi guruhi bilan aloqadorlikda gumon qilmoqda.

Somalining Goobjoog News portali halok bo‘lganlar orasida uch nafar yuqori lavozimli harbiy - “Danab” nufuzli maxsus brigadasining Galkayodagi bo‘linmasi qo‘mondoni - general Muhtor, uning o‘rinbosari – general Marsho va 21-zarbdor diviziya qo‘mondoni general Xo‘ja Dag‘ariy borligini ma'lum qilgan.

Somali bosh vaziri stadionda nutq so‘zlashi kerak bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Roble mamlakatda o‘tadigan parlament va prezident saylovlari doirasida hozirda mamlakat bo‘ylab safar uyushtirmoqda. Parlament saylovlari 2020 yil 27 dekabriga, prezident saylovlari esa 2021 yil 8 fevraliga o‘tkazilishi belgilangan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid