Jamiyat | 13:07 / 22.12.2020
5820
2 daqiqa o‘qiladi

739 mln so‘mlik gaz bilan bog‘liq noqonuniy foydalanishlar fosh etildi

Hozirgi kunga qadar Asaka, Farg‘ona tumanlari hamda Navoiy shahrida gaz bilan bog‘liq qonun buzilishi oqibatida, jami 739 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.  

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda,  «Hududgaz» Andijon gaz ta'minot filiali, Asaka tuman bo‘linmasi mansabdor va moddiy javobgar shaxslari tumandagi tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlardan demontaj qilingan 260 mln so‘mlik turli hajmdagi gaz quvurlarini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Keyingi paytlarda qonunbuzilish holatlariga xususiy korxona rahbarlari tomonidan ham ko‘p uchramoqda. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «N.» xususiy korxonasi rahbarlari ohak ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida, gaz ta'minoti korxonasi manfaatlariga 437 mln so‘m miqdorida zarar yetkazganliklari ma'lum bo‘lgan.

Shuningdek, Farg‘ona tumani Elektr tarmoqlari hudud inspektori M.A.  «D.» xususiy korxonasiga qarashli yog‘ochni qayta ishlash sexiga o‘rnatilgan elektr hisoblagichning nosozligi sababli kelib chiqqan 42 mln so‘m qarzdorlikni ETK bazasidan chiqarib, yangi hisoblagich o‘rnatib berish evaziga 3 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olganligi aniqlanib, qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid