Andijonda davlat obektlarini qurish qarindosh-urug‘lar o‘rtasida taqsimlab olingan
Andijon viloyati hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov va «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Ravshanbek Jabborqulov milliardlab davlat buyurtmalarini o‘zlari va qarindoshlariga tegishli kompaniyalar o‘rtasida «taqsimlagan».
Andijon viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Qodirov Muhiddin Abduraimovich 100 foiz o‘zi egalik qiladigan «Milano Biznes Servis» MChJga qariyb 20 mlrd so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan. Bu haqda Telegram'dagi «davletovuz» kanali o‘z surishtiruvini e'lon qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, «Milano Biznes Servis» MChJ Jalaquduq tumanida «Oyim» ko‘p tarmoqli poliklinikasini (6 mlrd so‘m), Izboskan tumanidagi 42-maktabni (6,9 mlrd so‘m), Qurg‘ontepa tumanidagi 5-umumiy maktabni (6,7 mlrd so‘m) rekonstruksiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan. Obektlar bo‘yicha tuzilgan turli komissiyalarda buyurtmachi sifatida «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov ham o‘tirgan.
Ta'kidlanishicha, Andijon viloyatida davlat amaldorlariga bevosita yoki bilvosita tegishli bo‘lgan kompaniyalar viloyatdagi davlat buyurtmalarini bajarishda faol ishtirok etib kelmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi, tanish-bilishchilik va qarindoshchilik aloqalari yaqqol ko‘rinib turibdi.
Xususan, «Andijon ihlos qurilish» MChJ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshiriladigan qurilish obektlari manzilli ro‘yxatidagi taxminan 10 mlrd 800 mln so‘mlik davlat buyurtmalarini bajarishga mas'ul qilib belgilangan. Ayni paytda Respublika budjetidan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshiriladigan manzilli qurilish ro‘yxatidagi 3 mlrd 200 mln so‘mlik obektlar mazkur kompaniyaga berilgan. Bundan tashqari, mazkur kompaniya Paxtaobod tumanida 26,5 mlrd so‘mlik ikkita 32 kvartirali ko‘p qavatli uyni qurish va tegishli inshootlarni ta'mirlash bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tegishli shartnoma 2020 yil 9 noyabrda imzolangan.
«Andijon ihlos qurilish» MChJ ulushi to‘lig‘icha Qodirov Baxtiyor Abdumannobovichga tegishli. Baxtiyor Qodirovning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi esa, shu obekt bo‘yicha bevosita davlat buyurtmachisi bo‘lgan Andijon viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbarining o‘rinbosari — Qodirov Mansurbek Abdumannobovich hisoblanadi.
Shu yilning 30 mart kuni hukumat qarori bilan Andijon viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Rustambek Tojiboyevich Xojiboyev hali ham «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJ ulushlariga to‘liq egalik qiladi.
Mazkur kompaniya amaldorning yangi lavozimdagi davrida ham milliardlik shartnomalarni olishda davom etgan. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida respublika budjetidan bajariladigan 18 mlrd 730 mln so‘mlik qurilish obektlari aynan Rustambek Xojiboyevning kompaniyasiga nasib qilgan. Masalan, shu yilning 2 oktabr kuni imzolangan pudrat shartnomasiga binoan, «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJ Shahrixon tumani 2-tug‘uruq majmuasini qariyb 5,6 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilishi zarur. Bu kompaniya tumandagi 1-tug‘uruq majmuasini ham yakuniy qiymati qariyb 12,8 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilib keladi.
«Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Jabborqulov Ravshanbek Habibullayevich va uning qarindoshi Jabborqulov Xayrullo Habibullayevich egalik qiladigan «Xonobod Savdo Ravnaqi» MChJ ham Andijon viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasidan Qo‘rg‘ontepa tumani Shahrixonsoy MFYdagi 2-sonli maktabgacha ta'lim muassasasini rekonstruksiya kilish uchun 4,7 mlrd so‘mlik buyurtmani hamda o‘zi rahbarlik qiladigan «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filialidan 3,2 mlrd so‘mlik buyurtma olgan va bajargan.
Kun.uz muxbiri ushbu ma'lumotlarga oydinlik kiritish maqsadida Andijon viloyat hokimining qurilishga mas'ul o‘rinbosari Ibrohim Xolmatov bilan bog‘landi.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, ayni paytda mazkur holat bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari boshlangan, mutasaddilar viloyat hokimligiga chaqirtirilgan.
Kun.uz muxbiri bog‘langan Andijon viloyat prokuraturasining matbuot uchun mas'ul xodimi bu holatlar yuzasidan o‘rganish olib borilmayotganini bildirdi.
- «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun javobgar bo‘lgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.
- «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasiga asosan, davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Gazeta.uz'ga ma'lum qilishicha, agentlik Andijon viloyatidagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan o‘rganish ishlarini boshlagan.
Mavzuga oid
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
16:12 / 05.11.2024
Yangiyo‘lda “dom” qurilishi ishlar sifatsiz bajarilgani uchun to‘xtatildi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
15:03 / 27.10.2024