Jahon | 12:24 / 27.12.2020
17886
13 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Vaksina avvalgi hayot tarziga qaytaradimi?

Insoniyat koronavirusga qarshi yangi va samarali vaksinalar tez orada pandemiyaga qadar hayotga qaytarishiga umid qilmoqda. Ammo ko‘plab olimlar «vaksinalar paydo bo‘lishi yaqin kunlarda niqoblarni yechish mumkin degan xulosani bermasligi» haqida ogohlantirishmoqda.

Vaksinalar qanday ishlaydi?

Vaksinalar zamonaviy tibbiyot erishgan eng a'lo yutuqlardan biridir. JSST axborotiga ko‘ra, vaksinalar tufayli har yili uch milliondan yigirma milliongacha bo‘lgan inson hayoti (20dan ortiq kasallikdan) asrab qolinadi.

Bir necha o‘n yil muqaddam keng tarqalib ketgan bolalar kasalliklari tobora kamayib bormoqda. Masalan, o‘tmishda yuz millionlab odam umriga zomin bo‘lgan, hozirgi kunda esa oddiygina kasallikka aylanib qolgan suvchechakka deyarli barham berildi.

Lekin bunday muvaffaqiyatga erishish uchun bir necha o‘n yil kerak bo‘ldi. Biz esa koronavirus vaksinasining ancha kamroq muddatda shunday natija berishini kutmoqdamiz.

Vaksinalarning 90 foiz samaradorlikka egaligi haqidagi xabarlar ko‘pchilikni tez orada ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqishdan voz kechish mumkin ekaniga ishontirib qo‘ymoqda.

Nazorat organlari favqulodda sharoitlarda vaksinalarni ro‘yxatdan o‘tkazib, emlashga ruxsat bergan AQSh va Buyuk Britaniyada ko‘pchilik 2021 yilning bahoriga borib hayot yana maromiga tushishini taxmin qilmoqda.

Lekin olimlar va sog‘liqni saqlash sohasida ishlovchi mutaxassislar vaksinalar odatiy hayot tarziga qaytarishini kutishga hali ertaligidan ogohlantirishmoqda. Zero, ularning ilk partiyasi zaxiralari juda kam va asosan aholining riskka moyil qatlami va koronavirus bilan kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun mo‘ljallangan.

«Vaksina bizda bor instrumentlarni to‘ldiradi, ularning o‘rnini bosmaydi. Demak, hozircha vaksina pandemiyaga nuqta qo‘ymaydi. Covid-19’ga qarshi vaksinalarning ilk partiyasi chegaralangan, shuning uchun tibbiyot xodimlari, qariyalar va boshqa riskka moyil qatlamga urg‘u beriladi. Biz vaksina o‘limlar soni kamayishi va sog‘liqni saqlash tizimlariga vaziyatni o‘nglash imkonini berishiga umid qilamiz. Ammo virus hamon harakatlanish imkoniga ega», deydi JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreiyesus.

O‘z-o‘zidan vaksina koronavirus pandemiyasini to‘xtatmaydi.

Biz:

  • Kutishda;
  • Sinash, izolyatsiya qilish va bemorlarga qarashda;
  • Kontaktlarni kuzatish va cheklashda;
  • Ommani jalb qilishda;
  • Odamlarni ehtiyot bo‘lishga undashda davom etishimiz kerak.

Kutilmalar orasida farq bor: siyosatchilar va jamoatchilikning nekbinligi hamda ilmiy sohadagi mutaxassislarning ikkilanishi bir tomondan, boshqa tomondan muammoning ko‘lamini anglolmaslik: barchaga yetarli vaksinani qanday ishlab chiqarish mumkin?

Yuqumli kasalliklardan himoyalanish uchun juda ko‘p odamni emlash kerakligini hamma ham tushunmaydi. Vaksinaning kuchi shundaki, u nafaqat alohida patsiyentlar, balki atrofdagilarni ham muhofaza qila olishi zarur.

Masalan, Shona.

Shona va biz uchun muammo birorta vaksinaning 100 foiz samarador bo‘lolmasligi. Qizamiqqa qarshi vaksina eng yaxshilardan biri hisoblanib, 95-98 foiz samaradorlikka ega.

Yaqinda Pfizer/BioNTech va Moderna tomonidan ishlab chiqilgan koronavirus vaksinasi ham 100 foizlik samaradorlikka ega emas. Biz vaqt o‘tishi bilan bu vaksinalarning samaradorligi pasayadimi yo‘qmi bilmaymiz. Shuningdek, natijalar klinik sinovlardan qanchalik farq qilishini ham hozircha aniq taxmin qilolmaymiz.

Bu emlanganlarning har o‘ninchisi vaksina olganiga qaramay koronavirusdan himoyalamagan bo‘lib chiqadi degani. Aholini 100 foiz emlamasdan turib, riskka moyil odamlarni himoya qilolmaymiz.

Ular odatdagidek vaksinatsiyaga zaif reaksiya qiluvchi qariyalar bo‘lishi mumkin. Koronavirusga qarshi vaksinalar umidli natijalar taqdim etgan bo‘lsa-da.

Ustiga ustak, ba'zilar salomatligidan kelib chiqqan holda umuman vaksina ololmasligi mumkin. Masalan, saratonga qarshi davolanayotganlar.

Atrofimizdagi odamlarning ko‘pchiligi kasallikdan shikastlanish ehtimoli bor. Ular orasida sizning do‘stlaringiz va qarindoshlaringiz ham bo‘lishi mumkin.

Buning yechimi bor – ommaviy emlash.

Agar yetarlicha odamlar emlansa, qiziq holat yuz beradi: biz virusning tarqalish zanjirini uzib yuboruvchi qalqonlar hosil qilamiz. Bu bilan riskka moyil yaqinlarimizni bilvosita muhofaza qilamiz. Bu ba'zan jamoaviy immunitet deb ham ataladi.

Qancha odam koronavirusga qarshi vaksina olishi kerak?

Biz koronavirusga qarshi hozirgi vaksinalar uning tarqalishi oldini olib, immunitet shakllantirishi, virusni sterillab uning ko‘payishini to‘xtata olishga qanchalar qodirligini hozircha bilmaymiz. Vaholanki, buni bilishda jamoaviy immunitetni shakllantirish hal qiluvchi rolni o‘ynaydi.

Aftidan, buni bila olish uchun kutishga to‘g‘ri keladi. Lekin Pfizer/BioNTech xodimlaridan birining aytishicha, aqalli bir vaksina riskni kamaytirishga yordam beradi.

Vaksina virus tarqalishini to‘xtatishda yordam bergan taqdirda ham, riskka moyil odamlar soni judayam ko‘p.

«Bu samarali vaksina bilan o‘tkazilgan yuqori darajadagi vaksinatsiyadan keyin ham juda ko‘p odamlar himoyasiz qolaverishi bilan bog‘liq», deydi Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligining immunizatsiya bo‘yicha bo‘limining sobiq boshlig‘i, hozirda Chatham House tahliliy markazi ilmiy xodimi bo‘lgan Devid Solsberi. Mutaxassis buni oddiy matematik misol bilan tushuntiradi.

Shuning uchun ham, olimlar nafaqat riskka moyil qatlam, balki aholining aksar qismiga yetarli vaksinaga ega bo‘lmagunimizga qadar ijtimoiy masofa saqlashdan voz kecholmaymiz.

«Agar jamiyatning riskka moyil qatlaminigina himoya qilsak, ular o‘rtasidagi o‘limlar sonini kamaytirish va kasalxonalarga bo‘ladigan yukni yengillatishimiz mumkin, virus tarqalishini to‘xtatishning esa iloji bo‘lmaydi», deydi professor Solsberi.

Uning so‘zlariga qaraganda, vaksinatsiyada qatnashmaganlar ilgarigidek virus tarqatishda davom etishadi. Ular emlanmaganlar va hatto emlanib hali immunitet hosil qilmaganlarga kasal yuqtirishda davom etishadi.

Binobarin, virus o‘choqlarini mahv qilish va riskka moyillarni himoya qilish uchun barcha yoshdagilar uchun yuqori darajadagi vaksinatsiya tashkil qilish kerak.

Insonlar va tovarlar harakati nuqtayi nazaridan zamonaviy olam shunchalar torki, vaksinatsiya butun sayyoramiz bo‘ylab o‘tkazilishi shart.

«Bu global pandemiya, mahalliy epidemiya emas. Shuning uchun virusni hamma joyda to‘xtatish kerak. Bu amalga oshirilmas ekan, dunyoning hech bir nuqtasi xavfsiz bo‘lolmaydi», degan professor.

Ayni damda vaksinatsiyaning global reja bo‘yicha cheklangan miqdordagi dozalarini avvalo tibbiyot xodimlari va virusdan zararlanish riski yuqori bo‘lgan guruh olishi ko‘zlanyapti. Lekin AQSh va Buyuk Britaniya kabi davlatlar yetarlicha vaksina qo‘lga kiritilgach, riskka moyil guruhlarga kirmaydigan odamlarni ham emlashni boshlashlarini ma'lum qilishdi.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) rahbarining ma'lum qilishicha, aholining riskka moyil qatlamini emlash aprelgacha cho‘ziladi, lekin hukumatning pirovard maqsadi 16 yoshdan kattalarning imkon qadar ko‘proq qismini emlashdir.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, virus tarqalishi to‘xtashi uchun aholining 65-70 foizi kasallikka qarshi immunitet hosil qilishi darkor. Shundagina jamoaviy immunitet haqida gapirish va dunyo xavfsiz deb ayta olish mumkin.

London Imperial kolleji professori, epidemiolog Azro G‘ani yuqumli kasalliklarni matematik modellashtirish bilan shug‘ullanadi. Uning fikricha ham, dunyo «o‘zini xavfsiz» deb bilishi uchun aholining 70 foizini emlash kerak.

Ekspertning fikricha, shundagina hayotimiz maromiga qaytadi, biroq bunga erishish oson bo‘lmaydi, hattoki kutilmagan to‘siqlar bo‘lmasa-da. «Vaksina pandemiyaga nuqta qo‘yadi. Lekin buni avvaldan bashorat qilish qiyin. Zero, vaksinani ishlab chiqarish - eng katta muammodir», deydi G‘ani xonim.

Milliardlab odamlar qanday emlanadi?

Dunyoning 7 milliarddan oshiq aholisi uyoqda tursin, Buyuk Britaniyaning 68 millionlik aholisini emlash juda katta ish. Ilgari bunaqasi bo‘lmagandi.

Vaksina va vaksinatsiya uchun zarur jihozlar, masalan, preparatni saqlash uchun flakonlarni juda katta miqdorda ishlab chiqarish kerak. Taklif hali-beri talabni qondirmaydi.

Keyin vaksinalarni zavodlardan izolyatsiyalangan va tibbiyot markazlari, shu jumladan, yer kurrasining yetib borish qiyin bo‘lgan qismlariga ham yetkazish kerak. Ayrim vaksinalar saqlanishi uchun xos sharoitlar kerak. Aytaylik, Pfizer vaksinasi -70 darajada saqlanishi shart.

Buyuk Britaniya jahonda Pfizer vaksinasini tasdiqlagan ilk davlat bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) ommaviy vaksinatsiyani amalga oshirish uchun tarmoq tashkil qilyapti. Boshqa davlatlarda buni qilish qiyinroq kechadi.

Germaniyadagi Deutsche Post DHL logistika kompaniyasi Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikaning aksar hududlarida sovutkichlar yetarli emasligi va saqlash sharoitlari yo‘qligidan ogohlantirgan. Bu esa vaksinani taqsimlashda yuzaga chiqayotgan eng katta muammodir.

Aholini qanday ishontirish mumkin?

Ommaviy emlash yo‘liga to‘g‘anoq bo‘luvchi yana bir omil bor. Sog‘liqni saqlash xodimlari «vaksinatsiya borasidagi ikkilanishlar»ni yengib o‘tishlari ham shart. Boshqacha qilib aytganda, emlanishni istamaydigan odamlar soni oshib boryapti. JSST «emlanishga qarshi harakat»ni global sog‘liqni saqlash tizimiga qarshi asosiy 10 tahdidning biri deb hisoblaydi.

Buyuk Britaniyadagi so‘rovda qatnashganlarning 36 foizi vaksinatsiyaga rozi bo‘lishga ikkilanayotgani yoki olmoqchi emasligini bildirgan. Noyabrda YouGov o‘tkazgan so‘rovda ham shunga yaqin raqamlar qayd etilgan.

Emlanishga nisbatan bunday ikkilanish vaksinatsiya haqidagi noto‘g‘ri ma'lumotlar bilan birga ko‘plab mamlakatlarda jamoaviy immunitet shakllanishiga xalal berishi mumkin.

Professor G‘ani emlanayotgan odamlarni xotirjam qilish muhimligini ta'kidlaydi. Bundaylar koronavirusga qarshi vaksina o‘ta qisqa muddatda tayyorlanganidan xavfsirashmoqda. Olimaning fikricha, bu Buyuk Britaniyada o‘tkazilayotgan ommaviy vaksinatsiyada hal qiluvchi ahamiyatga ega. «Aholining ishonchini qozonish va odamlarni vaksina olishga majburlash ommaviy immunitetni shakllantirish sari qo‘yilgan navbatdagi qadamdir», deydi u.

Xo‘sh, vaksina bizni normal hayot tarziga qaytara oladimi?

Vaksina yetkazib berishning ilmiy va amaliy muammolari borligiga qaramasdan Buyuk Britaniyada, umuman, jahonda yaxshi yangiliklar ham bor: birinchi avlod vaksinalari Covid-19 bilan kurashda yordam beradi.

Yaqin istiqbolda riskka moyil qatlam, xususan, kasalligi bor qariyalar va koronavirus bemorlari bilan ishlaydiganlar o‘rtasida og‘ir kasalliklar va o‘limni kamaytirishda yordam beradi.

Pfizer va BioNTech’ning vaksina 65 yoshdan keksaroqlarda 94 foizlik natija ko‘rsatgani haqidagi bayonoti – bu boradagi ishlarni davom ettirishga yaxshi rag‘bat bo‘la oladi.

Yomon xabar shuki, koronavirus xavfidan qutulib, me'yordagi hayot tarziga qaytishga kerak bo‘ladigan darajadagi ko‘p odamni emlash uchun bir necha oy balki yillar kerak bo‘ladi.

«Vaksina plyus» davri

Professor Solsberining so‘zlariga ko‘ra, vaksina kelasi Pasxagacha (2021 yilda 4 aprel va 2 mayga to‘g‘ri keladi. Izoh kun.uz’niki) bizni normal hayot tarziga qaytarishi mumkinligi haqidagi taxminlar odamlarda noreal umidlarni uyg‘otdi. Koronavirus tarqalishi to‘xtatilmasa, buning ehtimoli ham kamayib ketadi.

«Qudratli sog‘liqni saqlash infratuzilmasi va tajribaga ega davlatlar uchun ham virus tarqalish zanjirini uzish uchun ommaviy emlash dasturini amalga oshirish qiyin masala bo‘ladi. Riskka moyil guruh istiqboli yanagi yil «aniq yaxshi bo‘lsada», qolganlar o‘zlarini virusdan himoya qilishlari uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga majburlar. Mana shu «vaksina plyus»dir», deydi professor Solsberi.

«Dunyo maromga qaytishi uchun» kamida yana 2 yil kerak. Lekin bu jarayon Buyuk Britaniya kabi yuqori daromadga ega davlatlarda tezroq kechadi. Vaksina oxir-oqibat pandemiyani to‘xtatsa-da, u bizni virusdan qutqarmaydi va jahon ahli boshqa yuqumli kasalliklarda bo‘lgani kabi emlanishda davom etadi», degan professor G‘ani.

Koronavirusga qarshi jangdagi «Vaksina plyus», aftidan, 2021 yil kirib keladi va bizdan kurashni bir necha oylar, balki, uzoqroq muddat davom ettirishni talab qiladi.

Shoakmal Isroilov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid