O‘zbekiston | 23:32 / 06.01.2021
42611
3 daqiqa o‘qiladi

«Gaz zapravka»larda navbat. So‘z – haydovchilarga

Shu kunlarda O‘zbekistonda avtomobillar uchun yonilg‘i kollapsi yuzaga keldi. Havo keskin sovigach, shundoq ham katta yuklamada ishlayotgan «metan zapravka»lar yana ham qat'iyroq cheklovlar asosida faoliyat olib borishga majbur bo‘lmoqda.

Bir necha yillardan buyon hukumat avtomobillarni yonilg‘ining bu turiga moslashtirishni stimullab keldi, aksariyat haydovchilar nisbatan arzonroq metanga o‘tdi.

Ammo kuz-qish mavsumida AGTKShlar oldida turnaqator navbatlar yuzaga kelishi davom etmoqda. Havo keskin sovigan ayni kunlarda shoxobchalarga soat 15:00dan tonggi 05:00gacha ishlash taqiqlangan.

Bu o‘z navbatida qator muammolar zanjirini hosil qilmoqda. Haydovchilar va yo‘lovchilar soatlab vaqtini yo‘qotyapti, yo‘lkiralar oshib ketgan, ko‘plab mahsulotlar tannarxi ham qimmatlashgan.

Xo‘sh, joylardagi vaziyat qanaqa? Haydovchilar qanday fikrda?

Kun.uz muxbirlari viloyatlardagi AGTKShlarda bo‘ldi va aholi fikrini o‘rgandi. Maxsus reportaj bilan quyidagi videoda tanishing.

Energetika vazirligi: «9 yanvar kuniga qadar vaziyat barqarorlashishi kutilmoqda»

Kun.uz bu masalada Energetika vazirligiga ham murojaat qildi. Vazirlik matbuot xizmati quyidagi ma'lumotni taqdim etdi.

«Aholi iste'molchilari va elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi «Issiqlik elektr stansiyalari» korxonalarini tabiiy gaz bilan barqaror ta'minlash birinchi darajali vazifa hisoblanadi. Shu bois, bir qator zarur vaqtinchalik choralar joriy etilmoqda. Ulardan biri – avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining soat 15:00dan 05:00gacha ishlashini cheklash.

Bu vaqtinchalik chora magistral gaz quvurlarida barqaror gaz bosimi ta'minlanishi yo‘lga qo‘yilgunga qadar joriy etiladi.

4 yanvar kuni Muborakdagi gaz konlarida kuzatilgan jiddiy avariya tufayli shunday vaziyat yuzaga keldi. Bugungi kunda nosozlik to‘liq bartaraf etildi. Lekin shu bilan birgalikda, ob-havoning pasaygani sababli aholini barqaror gaz bilan ta'minlashda uzilishlar kuzatilyapti, chunki magistral gaz quvurlarda gaz bosimi pasaygan.

Shu sababli, AGTKShlarda vaqtinchalik cheklov joriy qilinmoqda. Rejamiz bo‘yicha shanba – 9 yanvar kuniga qadar vaziyat barqarorlashadi», – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.

Mavzuga oid