O‘zbekiston | 15:08 / 12.01.2021
16763
2 daqiqa o‘qiladi

50, 100, 200 va 500 so‘mlik pullarni almashtirish muddati uzaytirildi

O‘zbekistonda eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlar va tangalarni amaldagi pul belgilariga almashtirib berishning oxirgi muddati 2022 yil 1 yanvar etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank axborotida aytilgan.

Qayd etilishicha, aholi qo‘lida hanuz ma'lum miqdorda eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik tangalar va banknotlar saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining 2021 yil 9 yanvardagi yig‘ilishida eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlar va tangalarni Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan amaldagi pul belgilariga almashtirib berishning oxirgi muddati 2022 yil 1 yanvar etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

“Qo‘lingizda qolib ketgan eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik tangalar va banknotlarni 2022 yilning 1 yanvariga qadar Markaziy bankning joylardagi Hisob-kitob kassa markazlarida muomaladagi pul belgilariga almashtirib olishlari mumkinligini ma'lum qilamiz”, — deyiladi axborotda.

Eslatilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik, 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020 yil 1 iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan.

Ularning o‘rniga 2018 yildan buyon 200 va 500 so‘mlik tangalar doimiy ravishda muomalaga chiqarib borilmoqda. 

2020 yil 1 iyuldan buyon ushbu nominaldagi banknotlar, shuningdek, 50 va 100 so‘mlik tangalar va banknotlar  faqat Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinib, muomaladagi pul belgilariga almashtirib berilmoqda.

Mavzuga oid