Jahon | 09:58 / 14.01.2021
7683
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda qora tanli muhojir o‘limidan keyin tartibsizliklar boshlandi

Belgiya poytaxti Bryusselda 23 yoshli qora tanli muhojirning o‘limidan keyin norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. Tartibsizliklar markazida qirol Filipp mashinasi ham qolib ketdi. 

Foto: twitter.com

RTBF telekanalining xabar berishicha, Ibrohim ismli yigit 9 yanvarda politsiyaning pandemiya vaqtida o‘tkazayotgan tekshiruvi davomida hujjatlarni taqdim qilish talabini bajarish o‘rniga qochishga tushgan, biroq politsiya tomonidan ushlangan. Aniqlanishicha, u noqonuniy muhojir bo‘lgan. Politsiya bo‘limida yigit o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan. U shifoxonaga yetkazilgan va bir necha soat o‘tib vafot etgan. Namoyishchilarning ta'kidlashicha, yigitning o‘limiga politsiya sababchi bo‘lgan

Politsiyada ta'kidlanishicha, yigit politsiya bo‘limiga yo‘lda hushini yo‘qotgan.       

Yigitning oilasi prokuraturadan uning o‘limi sababini tergov qilishni talab qilgan va bryusselliklarni politsiya zo‘ravonligiga qarshi tinch namoyishga chiqishga chaqirgan. Biroq 500ga yaqin kishi to‘plangan namoyish politsiya bilan to‘qnashuvlar va tartibsizliklarga aylanib ketgan. Namoyishchilar politsiyachilarning harakatlariga javoban ularga tosh uloqtira boshlashgan. Bundan tashqari, politsiya bo‘limiga o‘t qo‘yilgan.  

Ta'kidlanishicha, Belgiya qiroli mashinasi saroydan qarorgohga yo‘lda noroziliklar markaziga tushib qolgan. Shunda namoyishchilar qirol mashinasiga ham toshlar uloqtirishga tushishgan. Haydovchi politsiyachilar yordamida mashinani voqea joyidan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Qirolga shikast yetmagan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 15 namoyishchi hibsga olingan. 

Mavzuga oid