O‘zbekiston | 17:59 / 18.01.2021
20058
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston YeOII bozorida to‘laqonli ishtirok etishni rejalashtirmoqda

2021 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me'yorlari, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi.

Foto: Sabyr Ailchiyev

O‘zbekiston hukumati YeOII texnik reglament talablarini qabul qilish, YeOII mamlakatlarida qabul qilingan 26ta texnik reglamentlar asosida maxsus texnik reglamentlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda joriy yilgi davlat dasturi loyihasida ma'lumot berilgan.

Ta'kidlanishicha, bundan ko‘zlangan maqsad ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishdir.

Avvalroq,  «O‘zstandart» agentligida joriy yilda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot bergan direktorning birinchi o‘rinbosari Javlon Kattaxo‘jayev ham ushbu masalada ma'lumot bergandi.

Xususan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida joriy etilgan talablar, qoidalar va normalarni iqtisodiyotga joriy qilish, sanoat mahsulotlarini ushbu bozorga tayyorlash maqsadida 50ta texnik reglament amaliyotga kiritilgan va yangi kiritiladigan texnik reglamentlar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi normalariga uyg‘unlashtirilishi aytilgandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida qabul qilinayotgan hujjatlar, o‘tkazilayotgan tadbirlar va rejalashtirilayotgan harakatlar to‘g‘risida ma'lumotlarni yig‘ish, o‘rganish va tahlillarni amalga oshirish taklifini jamoatchilik muhokamasi uchun bildirgan.

Mavzuga oid