O‘zbekiston | 12:17 / 19.01.2021
12380
6 daqiqa o‘qiladi

Botir Zokirov: Qurilish sohasini soddalashtirish kerak emas

Qurilish sohasida davlat nazorati nima? U qanday amalga oshiriladi? Qurilish nazorati inspeksiyasining vazifalari nimalardan iborat? Inshootning loyihaga mutanosibligini kim tekshiradi? Qurilish vaziri Botir Zokirov matbuot anjumanida shu kabi savollarga batafsil to‘xtaldi.

Barcha mas'uliyat buyurtmachida

Qurilishda davlat nazoratining o‘z nizomi va funksiyasi bor hamda ko‘pchilik buni yaxshi tushunmaydi. Davlat nazorati bu qurilish qatnashchilarining tasdiqlangan loyiha qismida ishlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri olib borayotgani ustida olib boriladi. Ya'ni, loyiha ichidagi qurilish qatnashchilari bo‘lgan buyurtmachi, buyurtmachining texnik nazorati, avtorlik nazorati va pudrat tashkilotining faoliyatini muvofiqlashtiradi. Albatta har qanday obektning buyurtmachisi bo‘lishi kerak. Buyurtmachi bo‘lmasa u bilan na pudratchi, na loyihachi, na-da qaysidir davlat tashkiloti gaplashadi. Qanaqa sub'yekt bo‘lishidan qat'iy nazar u buyurtmachi va u qurilishdagi barcha mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishi hamda hujjatlarni qonun doirasida to‘g‘ri bajarishi lozim.

3 qavatga loyiha qildirib, 6 qavatli bino tiklash mumkin emas

Buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlari uchun loyiha tashkiloti bilan shartnoma tuzadi. Loyiha oldi hujjatlarni bajarishda ham tashkilotlar bilan shartnoma qiladi. Shu masalada hozirgi obekt bo‘yicha (Jizzaxda qulagan bino nazarda tutilmoqda – tahr.) o‘sha binoning joyida geologiya, gidrogeologik vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ishlariga alohida shartnoma qiladi. Loyihachi buyurtmachining loyiha topshirig‘i asosida loyihani boshlaydi. Endi, Jizzaxdagi holatda buyurtmachi qancha masalani noto‘g‘ri qilganini o‘ylab ko‘rish mumkin. Agar u loyihani dastlab uch qavatli binoga qildirgan bo‘lsa, keyin o‘rnida olti qavatlik bino barpo qilishi noreal masala.

Nazorat inspektori buyurtmachi, loyihachi, texnik nazoratchi va pudratchi ishini tekshiradi

Qurilish vaziri Botir Zokirov

Davlat nazorati qurilishdagi mana shu 4 sub'yekt (buyurtmachi, loyihachi (avtorlik nazorati), texnik nazoratchi va pudratchi (quruvchi tashkilot)ning to‘g‘ri ish yuritishini ko‘radi. Qurilishning bugungi eng asosiy hujjati bu – Ishni amalga oshirish kitobi (Jurnal proizvodstvo raboti). Mana shu kitob ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Loyiha tashkiloti belgilangan muddatlarda avtorlik nazorati qismida qurilayotgan obektning kamchiliklarini qayd qilib, quruvchidan uni bartaraf qilishni talab qiladi. Texnik nazorat ham pudratchiga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf qilishni talab qiladi. O‘zining alohida talablari bo‘lsa, ularni ham qayd qiladi. Pudratchi esa kamchiliklarni bartaraf qilib, yozma ravishda o‘shani ko‘rsatishi shart.

Nazoratchi bino betoni yoki armaturasini tekshirmaydi

Davlat nazorati kelganida avtorlik nazorati nima yozganligini, texnik nazorat nima yozganligini va pudratchi ularning ko‘rsatmalarini bajarganmi-yo‘qmi, shu masalani ko‘radi. Obektga kelganida, tuman hokimining qarori, qurilish uchun ruxsatnoma, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib, keyin ro‘yxatdan o‘tkazadi. Nazoratchi bu obektga kirib betonning sifati, uning ichida armatura bor-yo‘qligi, ularning sifatini ko‘rmaydi.

Bino loyihaga muvofiq bo‘lmasa bekor qilinadi

Tizim shunday qilinganki, loyihani kim zo‘r biladi - loyiha tashkiloti. Demak, qurilishning loyihaga muvofiq amalga oshirilayotganini ayni tashkilot nazorat (avtorlik nazorati) qilishi kerak bo‘ladi. Buyurtmachi avtorlik nazorati uchun loyiha instituti bilan shartnoma qiladi. Agar loyiha qilinib, avtorlik loyiha qilmaydigan bo‘lsa, loyiha bekor qilinadi. Ya'ni qurilishning loyihaga muvofiqligini loyihachining o‘zi nazorat qilishi kerak. Shu loyiha bo‘yicha ishlar to‘g‘ri ketayotganligiga ularning o‘zi qonun oldida javob beradi. Loyiha tashkiloti obektning loyihasini qildimi, o‘sha narsa bugun loyiha asosida bajarilmoqdami-yo‘qmi, nazorat qilib, kitobga ham qayd qilishi, talab qilishi kerak.

Qurilishni to‘xtatish mexanizmi ishlamayapti

Texnik nazorat qurilish ishlarining sifati bo‘yicha laboratoriya nazoratlarining doimiy monitoringini olib borishi talab etiladi. Shu bilan birga, 2 nazoratchi tomonidan kitobda yozilgan e'tirozlarini bajarishning belgilangan muddati bor va pudratchi ularni o‘sha muddatgacha bajarishi shart. Aks holda, texnik nazorat kelib ogohlantirish beradi. Ogohlantirishni ham bajarmasa, obektda ishni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq beradi. Hozir bizda muammo shunda bo‘lmoqdaki, ayni shu mexanizm ishlamayapti.

Qurilish sohasini soddalashtirish kerak emas

Bugun qurilish sohasi kishi salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lganligi bois uni soddalashtirishimiz kerak emas. 1-2 kun yo‘qotaylik, lekin biz qurayotgan obektlar 70-80 yilga mo‘ljallanmoqda, undan kam emas. Quruvchi bugun bir bino qursa, seysmologimiz 70 yil ichida muammo bo‘lmaydi, deb kafolatini oladi. O‘sha quruvchi bunga javobgar. Agar 10 yildan keyin ham o‘sha binoga nimadir bo‘ladigan bo‘lsa, javob beradi. Davlat nazorati mana shu yerda namoyon bo‘ladi.

Qoramishda bir binoning butun zinalari tushib ketgan, bu kamdan-kam bo‘ladigan narsa. Uch kun ichida kim qurgan kim montaj qilgan hammasi topilib, javobgarlikka tortilgandi. Shuning uchun davlat nazoratida kim qachon nima qurganligining ro‘yxati olib boriladi. 30 yildan keyin bo‘lsa ham davlat nazorati o‘shani chiqarib beradi. Shuning uchun qurilish mukammal bo‘lishi kerak.

Qurilish hujjatlarini soddalashtirilmaslik kerak

Qurilish hujjatlari ham mukammal bo‘lishi kerak qurilishni soddalashtirib bo‘lmaydi. Ha bu tadbirkor ekan, ularga hech qanday qonun-qoida shart emas, quraversin deb bo‘lmaydi. Bizda esa nimagadir buni soddalashtirishga harakat qilinmoqda. Lekin menimcha butun dunyo buni mukammallashtirishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid