Jahon | 10:24 / 24.01.2021
10764
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada Osiyoning eng yirik og‘ufurushlaridan biri qo‘lga olindi

Niderlandiyada “Osiyolik El Chapo” laqabi bilan ma'lum bo‘lgan narkobaron Tse Chi Lop qo‘lga olindi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, og‘ufurush o‘z jinoiy faoliyati yordamida yiliga 23 mlrd dollargacha daromad olgan. 

Foto: AFP

Ta'kidlanishicha, Kanadaning kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan fuqarosi Tse Chi Lopni ikki yillik qidiruvdan keyin ushlashga muvaffaq bo‘lingan. Uni qo‘lga olishda Interpol ham ishtirok etgan.

“Osiyolik El Chapo” metamfetamin giyohvand moddasining dunyodagi eng yirik savdogarlaridan biri hisoblangan. U boshchilik qiladigan “Sem Gor” yoki “Kompaniya” nomi bilan ham ma'lum bo‘lgan xalqaro jinoiy sindikat orqali Avstraliyaga giyohvand moddalarning 70 foizi yetkazilgan.  

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, Chi Lop laboratoriyalarda ishlab chiqiluvchi giyohvand moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchi Xitoy mafiyasining bir necha bo‘limiga boshchilik qilgan.

BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, jinoiy faoliyat Chi Lopga yiliga 10 mlrd dollardan 23 mlrd dollargacha daromad keltirgan. 

Og‘ufurush ortidan 20ga yaqin davlat, jumladan AQSh, Kanada, Myanma, Xitoy, Tailand va Yaponiya huquq-tartibot idoralari ko‘p yillik “ov” olib borgan.

Bugungi kungacha og‘ufurushning qayerdaligini aniqlashning iloji bo‘lmagan – u bir guruh kikbokschi tansoqchilar hamrohligida yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lib kelgan. Biroq shu bilan birga, u ba'zida dabdabali bazmlar uyushtirib turgan. Ta'kidlanishicha, og‘ufurush Makaodagi kazinolardan birida bir kecha davomida 85 mln dollar yutqazgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid