O‘zbekiston | 23:03 / 26.01.2021
6457
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 30ta shaharning jamoat transporti bosh rejasi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekistondagi 30ta shaharning jamoat transporti bosh rejasi loyihasi ilmiy asosda ishlab chiqilmoqda, deb ma'lum qildi Transport vazirligi departament boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov.

«Respublikamizning o‘rta va yirik (30 ta) shaharlarida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish Bosh reja loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan ham ishlar boshlab yuborildi.

Xususan, respublikaning 30 ta shahridagi jamoat transporti harakati va yo‘nalish chizmalari, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilma obektlari geolokatsiyalari maxsus dasturga kiritilib, shaharlarning transport Bosh rejasini ishlab chiqish uchun birlamchi ma'lumotlar yig‘ildi», – dedi Ro‘zmetov 26 yanvar kungi matbuot anjumanida.

Unga ko‘ra, Toshkent shahridan tashqari viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bekat belgisi bo‘lsa-da, 5000dan ziyod oraliq bekatlar mavjud emasligi aniqlangan.

«Ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent shahridan tashqari) mavjud oraliq bekatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, bugungi kunda jami 13 130 ta oraliq bekatlar mavjudligi, shundan 4000 taga yaqini (30%) ta'mirtalabligi aniqlandi.

Bundan tashqari, 5000dan ziyod yangi oraliq bekatlar qurilishiga ehtiyoj mavjudligi oydinlashdi. Bugungi kunda avtobus bekatlarining namunaviy loyihalari Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Qurilish vazirligiga umumlashtirish uchun kiritildi», – dedi Transport vazirligi rasmiysi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistondagi har bir mahalla, tuman, shahar va viloyatlar kesimida transport bilan ta'minlanganlik darajasi o‘rganib chiqilgan.

«Hududlardagi mavjud barcha yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari xatlovdan o‘tkazilib, respublika bo‘yicha jami 4068 ta yo‘nalish (ularning 1604 tasi (26%) avtobus, 438 tasi (10,7%) mikroavtobus hamda 2026 tasi (49.7%) «Damas» rusumli avtomobil) faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan 374 ta yo‘nalishda turli xil sabablarga ko‘ra amalda qatnovlar to‘xtab qolgani aniqlandi», – dedi Ruslan Ro‘zmetov.

Mavzuga oid