Jahon | 22:37 / 02.02.2021
2690
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyni amerikaliklarning tibbiy ma'lumotlarini o‘g‘irlashda aybladi 

Xitoy koronavirus pandemiyasi boshidan beri kompyuterlarni buzib kirish va boshqa usullar yordamida AQSh fuqarolarining tibbiy ma'lumotlarini, jumladan DNK haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritish bo‘yicha harakatlarni faollashtirgan. Bu haqda AQShning Kontrrazvedka va xavfsizlik milliy agentligi (NCSC) hisobotida aytilgan.

“Xitoy ko‘p yillar davomida AQShda va butun dunyo bo‘ylab katta hajmdagi tibbiy ma'lumotlarni ham qonuniy, ham noqonuniy yo‘llar bilan yig‘ib kelgan”, deb aytilgan hisobotda.

Hujjatda Xitoyning amerikaliklarning tibbiy ma'lumotlarini yig‘ishi nafaqat fuqarolarning shaxsiy hayotiga, balki AQSh iqtisodiy va milliy xavfsizligiga jiddiy xavf solishi aytilgan.

NCSC’da ta'kidlanishicha, pandemiya vaqtida Xitoyning BGI biotexnologik kompaniyasi tibbiy ma'lumotlarni qo‘lga kiritish uchun ko‘plab davlatlarga koronavirusni aniqlovchi testlarni taklif qilgan va oxirgi 6 oy ichida 18ta sinov laboratoriyasini tashkil etgan. 

“Xitoy turli elatlardan olingan genom ma'lumotlar katta tijoriy qiymatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi tibbiy kashfiyotlar va dori-darmonlar yaratishni jonlantirishga yordam berishini tushunadi”, deb aytilgan NCSC.  

NCSC o‘z hisobotda Xitoy hukumati olingan ma'lumotlardan AQSh biotexnologik sanoatidan o‘zib ketish uchun foydalanishidan ogohlantirgan. Agentlikda ta'kidlanishicha, bu holat AQShning Xitoyda ishlab chiqilgan innovatsiyalarga bog‘liqligini oshirishga va buning natijasida AQSh mehnat bozoriga putur yetishiga olib kelishi mumkin. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid