Jamiyat | 22:53 / 06.02.2021
6127
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy asarlari 7 tilda joylashtirilgan mobil ilova ishlab chiqildi

Muhammad al-Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabi o‘quvchilari Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan mobil ilova ishlab chiqishdi. Navoiy g‘azal va ruboiylari 7ta tilga tarjima qilinib, ilovaga joylangan. Tez orada uni AppStore va Google Play Market’dan yuklab olish mumkin bo‘ladi.

Bugun, 6 fevral kuni Muhammad al-Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan mobil ilova taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot Alisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan dastur doirasida tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarovaning ma'lumot berishicha, yangi mobil ilova ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari yordamida ishlab chiqildi. Navoiy ijodi o‘zbek, ingliz, rus, fransuz, nemis, fors va arab tillariga tarjima qilinib, ilovaga joylangan. Shuningdek, unga g‘azal va ruboiylarning audioshakli  ham kiritilgan.

“Har bir foydalanuvchining o‘z shaxsiy kabineti bo‘lib, unda foydalanuvchi o‘zi istagan g‘azal, ruboiy va hikoyalarni saqlab borishi hamda oflayn tarzda foydalanishi mumkin. Hozirda ilovaga 100dan ortiq g‘azal va ruboiy yuklangan”, – deya ma'lumot berdi dastur mualliflaridan biri Zabarjad Murodova.

Ma'lum qilinishicha, tez kunda ushbu ilova AppStore va Google Play Market’ga joylashtiriladi va undan barcha bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid