Iqtisodiyot | 13:13 / 08.02.2021
4905
2 daqiqa o‘qiladi

Auditorlik faoliyati uchun litsenziya olish bekor qilinmoqda

«Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisida «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma'qullandi.

Ma'lum qilinishicha, hujjat auditorlik faoliyatini tartibga solishning xalqaro me'yorlariga asoslanadi.

Xususan, qonunda:

  • auditorlik faoliyatining litsenziyalanadigan faoliyat turlari tarkibidan chiqarilishi;
  • auditorlik faoliyati faqat Auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirilishi;
  • majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilishi;
  • auditorlik tashkilotlarining ustav kapitali miqdoriga bo‘lgan talab bekor qilinishi hamda ulardagi auditorlarning eng kam soni kamida to‘rt nafar bo‘lishi;
  • aynan bitta xo‘jalik yurituvchi sub'yektda auditorlik tekshiruvini ketma-ket yetti yilgacha o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilandi.

Shuningdek, hujjatda «Tavakkalchilik-tahlili» asosida auditorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish va uning natijalarini vakolatli davlat organi va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytida e'lon qilish nazarda tutilmoqda.

Ma'lumot uchun, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan. 2000 yilda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahriri tasdiqlangan.

Avvalroq, auditorlik faoliyatida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid