Jahon | 19:45 / 09.02.2021
14900
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning ikkinchi impichmenti. Sobiq prezidentni qanday sud qilishadi?

Donald Tramp AQShning ikki marta impichment e'lon qilingan ilk prezidenti sifatida tarixga kirdi. O‘tgan yili Senat demokratlar tomonidan mansab vakolatini suiiste'mol qilish va odil sudlovga to‘qsinlik qilishda ayblangan Oq uy rahbarini oqlagandi. Bu safar ayblov faqat bitta moddadan iborat - isyonga da'vat qilish.

Foto: Getty Images

Seshanba kunining ikkinchi yarmida (Amerika vaqti bilan) AQSh Senati sudga aylanadi. Sobiq prezidentga ayblov Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi tomonidan tanlangan to‘qqiz nafar demokrat kongressmen tomonidan ilgari suriladi.

25 yanvar kuni ular sobiq prezidentga ayblov moddasini rasman Senatga taqdim etishgan. Shundan so‘ng, yuqori palatadagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer va respublikachi senatorlar yetakchisi Mitch Makkonnell Trampning huquqshunoslariga sobiq prezidentga ayblovlarni rad etishga tayyorlanish uchun qo‘shimcha vaqt berishga kelishishdi.

Kongressdagi demokratlar «Oq uyning sobiq rahbari sodir etgan jinoyat» tavsiflangan 80 sahifadan iborat hujjat Senatga 2 fevraldayoq yuborilgandi. Olti kun o‘tib, 8 fevral kuni Trampning vakillari o‘z pozitsiyalarini taqdim etishdi. Huquqshunoslar o‘z vakolatlarini topshirib bo‘lgan prezidentning impichmenti konstitutsiyaga zidligini, Oq uy sobiq rahbarining tarafdorlarini saylov natijalarini tan olmaslikka va «oxirigacha kurashish»ga chaqirishi AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi o‘zgartirish bilan himoyalanganini ta'kidlashgan.

Dushanba kuni sobiq prezidentning advokatlari kongressmenlar tomonidan taklif qilingan shartlar to‘la qoniqtirishi va sudda o‘z pozitsiyalarini himoya qilishga tayyorliklarini bildirishdi.

«Bu jarayon jismoniy shaxsga impichment e'lon qilishga urinishni nima uchun absurd va konstitutsiyaga zid deb hisoblashimizni senatorlarga tushuntirishga imkon beradi», deyilgan huquqshunoslar Bryus Kastor va Devid Shon tomonidan imzolangan maktubda.

Jarayon qancha vaqt oladi?

Amerikaning sobiq prezidenti tarafdorlarini isyonga da'vat qilganlikda ayblanmoqda

Senatdagi eshituvlar Vashington vaqti bilan seshanba kuni soat 13.00da (Toshkent vaqti bilan 23.00) boshlanadi. Tomonlarga o‘z pozitsiyasini asoslash uchun chiqish qilishiga to‘rt soatdan vaqt ajratiladi. Shundan so‘ng palatada ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi, uning yakunida Senatda lavozimini tark etib bo‘lgan prezidentga qarshi ayblovni ko‘rib chiqish uchun asos bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Senatda jami 100 nafar kongressmen bo‘lib, qaror qabul qilinishi uchun shunchaki ko‘pchilikning ovozi yetarli bo‘ladi - kamida 51 ovoz.

Agar eshituvni o‘tkazish haqida qaror qabul qilinsa, chorshanba kuni tomonlar o‘z pozitsiyalarini ifodalash uchun 16 soatdan vaqtga ega bo‘lishadi. Protokolga ko‘ra, dalillarni taqdim etish uchun bir kunda sakkiz soat ajratilgan, tomonlar o‘z argumentlarini keltirish uchun ikki kundan ortiq vaqt sarflay olmaydi.

Shundan so‘ng senatorlarga to‘rt soat vaqt beriladi, bu vaqt mobaynida ular ayblovchi tomon va himoyachilarga savollar berishlari mumkin, keyin yana to‘rt soat davomida kongressmenlar ish bo‘yicha qo‘shimcha dalillar va guvohliklarga ehtiyoj bor yo‘qligini hal qilish uchun muhokama o‘tkazishadi.

Bungacha ayblovchi tomon vakillari guvohlarni chaqirishdan ma'no yo‘qligini aytib o‘tishgandi: 6 yanvar kuni Kapitoliyda bo‘lgan senatorlarning barchasi shu kuni impichment masalasini ko‘rib chiqishayotgan bo‘lishadi, ular shundog‘am Trampning ayblanishiga sabab bo‘lgan Senat binosiga hujumning to‘g‘ridan to‘g‘ri guvohlari hisoblanishadi.

Avvalroq Trampning advokati Devid Shoen yahudiylar bayrami munosabati bilan juma kuni kechqurundan shanba kuni kechqurungacha tanaffus e'lon qilinishini so‘ragandi, ammo u hafta boshida o‘z so‘rovini qaytib oldi va jarayon o‘z vaqtida davom etadigan bo‘ldi.

Trampni kimlar himoya qilmoqda?
Eshituvlar boshlanishiga bir hafta vaqt qolganida impichment jarayonida Trampning manfaatlarini ifodalashi kerak bo‘lgan yuridik jamoa iste'foga chiqdi. Advokatlar Devid Shoen va Bryus Kastor ularning o‘rniga jarayonda ishtirok etishga rozilik bildirishgan.

Kastor o‘z vaqtida Pensilvaniya shtati okrug prokurori sifatida ishlagan, 2005 yilda jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan taniqli aktyor Bill Kosbiga ayblov e'lon qilishga rozi bo‘lmaganidan keyin mashhurlikka erishgandi.

Shoen Trampning yaqin do‘sti Rojyer Stounning yuridik maslahatchisi bo‘lgan, shuningdek, voyaga yetmagan qizga jinsiy tajovuz qilish bo‘yicha ayblov jarayoni yakunini kutayotib qamoqda o‘z joniga qasd qilgan moliyachi Jyeffri Epshteynga ishlagan.

Tramp ko‘rsatma berishga chaqirilishi mumkinmi?
4 fevral kuni Merilend shtatidan bo‘lgan kongressmen-demokrat, impichment jarayonida ayblovchilar guruhiga rahbarlik qiladigan Jyemi Raskin sobiq prezidentga rasmiy murojaat yo‘llab, uni Senatdagi eshituvlar vaqtida qasamyod qabul qilib, chiqish qilishga taklif etgandi. U sobiq prezidentning guvohlik berishdan ehtimoliy bosh tortishini uning aybdorligi isboti sifatida qabul qilish huquqiga egaliklarini aytgandi.

Trampning maslahatchisi Jyeyson Miller u impichment jarayoni doirasida AQSh Kongressida ko‘rsatma bermasligini ma'lum qildi. Trampning advokatlari ayblovchilarning jarayon doirasida so‘zga chiqish so‘rovini «piar hiyla» deb atadi. «Siz aniq bilganingizdek, bu nokonstitutsion jarayon shunchaki qandaydir salbiy natijalarga olib kela olmaydi», dedi huquqshunoslar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kongressmenlar o‘zlarining Trampga qarshi ayblovlarini isbotlay olmaydi, «impichment jarayonini o‘tkazish maqsadida konstitutsiyadan foydalanish esa bunday o‘yinlarni o‘ynash uchun o‘ta jiddiy ish».

Tramp qoralanishi mumkinmi?

Kapitoliy binosidan ko‘rinib turadigan milliy xiyobonda turgan yuk mashinalariga Trampni qo‘llab-quvvatlovchi yozuvlar bitilgan

O‘z vaqtida Merilenddagi universitetlardan birida huquqshunoslikdan dars bergan kongressmen Raskin Senat sobiq prezidentni tarafdorlarini isyonga undagani uchun qoralashga haqli ekaniga ishonchi komil. Vashingtondagilar 6 yanvar voqealariga aynan shunday qaramoqda.

«Har kim tushunishi kerakki, sen prezidentligingning so‘nggi haftalarida qilgan ishlaring uchun javobgar bo‘lmasang, bu juda xavfli pretsedent yaratadi», deya hisoblaydi kongressmen.

Shu bilan birga, Amerika poytaxtidagilar Trampning ikkinchi impichmenti uning qoralanishi bilan yakunlanishiga ishonqiramayapti. Bunday qaror qabul qilinishi uchun Senatda demokratlarni kamida 17 nafar respublikachi ham qo‘llashi talab etiladi.

Sobiq prezidentga impichment qonuniyligi borasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida Trampga qarshi ayblovni faqat besh nafar respublikachi qo‘llagandi. Aftidan, kuchlar nisbati impichment jarayoni vaqtida ham o‘zgarmaydi.

Agar Senat baribir sobiq prezidentga qarshi ayblovni qo‘llab-quvvatlasa, keyingi qadam Trampga har qanday davlat amalini egallashni taqiqlash masalasini ovozga qo‘yish bo‘ladi. Bunday qaror qabul qilinishi uchun esa shunchaki ko‘pchilikning ovozi yetarli bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid