Amerika nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, bu qaror ikki tomonlama kelishuv bilan qabul qilingan, hamkorlik to‘xtatilishiga sabab himoya taktikasi borasidagi kelishmovchiliklar bo‘lgan.
«Assoshieyted press» advokatlar doiralaridagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Tramp o‘z himoyasini prezidentlik saylovlaridagi soxtaliklar (u dalil keltirmasdan demokratlarga ayb qo‘yib kelmoqda) mavzusi ustiga qurmoqchi bo‘lgan, ammo advokatlar uning bu taklifiga ko‘nishmagan
Shuningdek, Janubiy Karolinadan bo‘lgan sobiq federal prokurorlar - Greg Harris va Jonni Gasser, Shimoliy Karolinadan bo‘lgan huquqshunos Josh Hauard ham Tramp advokatlari jamoasini tark etishgan.
Bu advokatlar jamoasini Trampning himoyasi uchun kichik Jorj Bush prezidentligi davrida adliya vazirligida ishlagan Butch Bauers yiqqandi.
Endilikda ikkinchi impichment bo‘yicha eshituvlar vaqtida Trampning manfaatlarini kim himoya qilishi ma'lum emas.
«Biz juda ko‘p ishni amalga oshirdik, ammo yuridik vakillarimiz bo‘yicha yakuniy qarorga kelmadik, bu tez orada ma'lum bo‘ladi», deya yozgan tvitterda Trampning maslahatchisi Jyeyson Miller advokatlar guruhi tarqalib ketgani haqidagi xabar ortidan.
Yanvar oyining birinchi yarmida AQSh Vakillar palatasi Donald Trampga nisbatan ikkinchi impichmentni yoqlab ovoz berdi. Tramp 6 yanvar kuni, uning tarafdorlaridan iborat olomon Kongress binosiga bostirib kirib, prezident saylovlarining yakunlari tasdiqlanishiga xalaqit berishga uringanidan keyin «qo‘zg‘olonga da'vat etish»da ayblandi. Kapitoliydagi tartibsizliklar vaqtida besh kishi halok bo‘lgandi. Demokratlar fikricha, tartibsizliklar AQShda demokratiyaga tahdid solgan, shu sababli Tramp ularning sababchisi sifatida javobgarlikka tortilishi kerak.
Senat bu ishni ko‘rib chiqishni 8 fevralda boshlaydi, Tramp prezident lavozimini tark etib bo‘lgani bu ish ko‘rib chiqilishiga xalal bermaydi. Senat sobiq prezidentni qoralasa, u pensiya va imtiyozlardan (vazirning yillik maoshiga teng bo‘lgan bir umrlik davlat pensiyasi - 221 ming dollar, AQShning istalgan nuqtasida ofis ijarasi uchun xarajatlar qoplamasi, safarlar uchun to‘lov - yiliga bir million dollargacha, davlat dafn marosimlari huquqi, bevasining yashash xarajatlari), hatto «AQShga xizmat qiluvchi har qanday faxriy, mas'uliyatli yoki daromadli lavozimni bajarish» huquqidan ham mahrum qilinishi mumkin. Ya'ni Trampga kelajakda prezident lavozimini egallash taqiqlanishi mumkin.
Ammo sobiq prezident qoralanishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi buni yoqlashi kerak. Hozircha buning ehtimoli past, yuqori palatada bunday qaror chiqarilishi uchun 67 senator ovozi kerak, palatadagi demokratlar esa 50 ovozga ega. Shu bilan birga, lavozimga taqiq qo‘yish uchun shunchaki ko‘pchilik ovoz talab qilinadi, uni esa Harris yoki Trampga qarshi bo‘lgan respublikachilardan yana kimdir ta'minlay oladi.
















