Jamiyat | 08:48 / 25.02.2021
13771
11 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida ajratilgan yer sotib yuborildi

Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida ajratilgan yer sotib yuborildi. Aslida yer maydonini ajratish ham noqonuniy bo‘lgan. Jarayonda hujjatlar qonun doirasida rasmiylashtirilmagan, ba'zilari soxtalashtirilgan.

Hammasi nimadan boshlandi?

Bog‘ot shaharchasi, «Oqtepa» mahallasida yashovchi 60 yoshli tadbirkor Rustam Ro‘ziboyev 2018 yilda «Bog‘ot temir beton» oilaviy korxonasi faoliyatini kengaytirish uchun Navro‘z ko‘chasida, avtomobillarni yuvish shoxobchasi yonidagi bo‘sh turgan 200 kv.m. yer ajratilishini so‘rab hokimlikka murojaat qiladi.

Ammo kelgusida bu joyda ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilayotgani, shu sababli yer ajratilmasligi haqidagi rad javobini oladi.

Oradan 2 yil o‘tgach, aynan shu joyda boshqa bir shaxs qurilish ishlarini boshlab yuboradi. Biroq, bu ko‘p qavatli uy emas edi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida, tadbirkor Bog‘ot tumani arxitektura va qurilish bo‘limiga murojaat qiladi. Tayinli javob bo‘lmagach, Prezident virtual qabulxonasiga shikoyat yozadi.

Prezident virtual qabulxonasiga yozilgan murojaat soxta bayonnoma bilan yopildi

Rustam Ro‘ziboyevning Prezident virtual qabulxonasiga yozgan shikoyat xati Bog‘ot tumani hokimligi xodimlari tomonidan soxta bayonnoma bilan yopib yuboriladi. Jumladan, Sarvar Xo‘janiyozov, X.Boltayev va A.Kenjayev murojaatni o‘rganish jarayonida Rustam Ro‘ziboyev bilan telefon orqali suhbatlashilgani, unga tushuntirish berilgani haqida soxta bayonnoma tuzib, imzolashadi.

Bayonnomada: «Ro‘ziboyev koronavirus pandemiyasi karantini sababli, ishchi guruh a'zolari bilan uchrashish niyati yo‘qligini aytgani», shu sababli telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilinib, suhbat o‘tkazilgani bayon etilgan.

Aslida Rustam Ro‘ziboyevga telefon orqali hech kim murojaat qilmagan va hech qanday suhbat o‘tkazilmagan. Murojaat imi-jimida soxta bayonnoma bilan yopib yuborilgan. Buning sababini Sarvar Xo‘janiyozovdan so‘raganimizda, «bu qilmishi uchun hayfsan jazosini olganini» aytish bilan cheklandi.

Soxta bayonnoma tuzilishiga Bog‘ot tumani arxitektura va qurilish bo‘limi ham qisman o‘z «hissasini qo‘shgan», ya'ni tuman hokimligiga soxta ma'lumotlar aks etgan xatni taqdim qilgan. Unda: «Rustam Ro‘ziboyev bruschatka ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1500-2000 kv.m. yer maydoni so‘ragani» qayd etilgan. Vaholanki, tadbirkor 200 kv.m. yer so‘ragan edi. Xatni imzolagan bo‘lim boshlig‘i Farhod Qurbanovga bu haqda savol berganimizda, bu iddaolarga dalil keltira olmadi.

Yer kimga va qanday maqsadda ajratildi

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Rustam Ro‘ziboyev so‘ragan 200 kv.m. yer maydoni oradan 1 yil o‘tgach, Bog‘ot tumani hokimining 28.09.2019dagi 5832-sonli qarori bilan «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida Sevara Qurbondurdiyevaga «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi qurilishi uchun ajratib berilgan.

Ushbu qarorni qabul qilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning ko‘pligi taajjubga soladi.

A) Yer maydoni boshqa hududdan ajratilgan

«Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida Sevara Qurbondurdiyevaga «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi «Hurriyat» mahallasi hududidan ajratilishi lozim edi. Bu haqda dastur ilovasida belgilab qo‘yilgan. Ammo negadir yer maydoni «Oqtepa» mahallasidan ajratilgan.

B) Dalolatnoma rais va uning o‘rinbosari tomonidan imzolanmagan

Sevara Qurbondurdiyevaga «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi qurilishi uchun yer maydoni ajratilishini ma'qullash to‘g‘risidagi dalolatnoma bor. U 2019 yilda (aniq sana ko‘rsatilmagan holda) rasmiylashtirilgan. Uni bir necha tashkilotlar rahbarlari imzolagan. Jumladan, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Yong‘in xavfsizligi xizmati, Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va h.k. Ammo eng muhimi – komissiya raisi, tumanning sobiq hokimi Oybek Xolboyev va uning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Matyaqubov imzolamagan. Dalolatnomaga hokimlik muhri ham bosilmagan. Mana shu «dalolatnoma»ga asosan, tuman hokimligining yer maydoni ajratish haqidagi qarori qabul qilingan.

Sobiq o‘rinbosar Ulug‘bek Matyaqubov oradan ko‘p vaqt o‘tgani sababli, hujjatni nega imzolamaganini eslay olmasligini aytdi. Ammo «xatoni to‘g‘rilash maqsadida, hozir ham zinhor imzolamasligini» ta'kidladi.

V) Qurilish bosh boshqarmasi loyihani shartli ma'qullagan

Bog‘ot tumani hokimining 5832-sonli qaroriga Xorazm viloyati qurilish bosh boshqarmasining 11.09.2019dagi 479-sonli xulosasi ham asos qilib olinadi. Ammo xulosada «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» qurilishi ma'qullanmagan edi.

Loyiha «yer maydoni turar joy zonasida joylashgani sababli, «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» emas, balki «Avtomobillar ehtiyot qismlar do‘koni» obektini qurish sharti bilan» ma'qullangan.

G) Hokimlik va tadbirkor o‘rtasida bitim tuzilmagan

«Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda davlat sherigi (hokimlik) va xususiy sherik (S.Qurbondurdiyeva) o‘rtasida bitim tuzilishi shartligi belgilangan. Biroq, amalda ushbu bitim tuzilmagan.

Yer maydoni ajratilishi noqonuniy edi, chunki u boshqa shirkatga tegishli bo‘lgan

Aslida ushbu yer maydoni 09.07.2018da Bog‘ot tumani hokimining qarori bilan «Oqtepa» mahallasidagi 1-son xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga (XUJMSh) ajratib berilgan edi. Bu qaror hozir ham o‘z kuchida.

Ya'ni Sevara Qurbondurdiyevaga ajratib berilayotgan 200 kv.m. yer maydoni qonun bo‘yicha 1-son XUJMShga tegishli. Yer kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, yer maydonini boshqa shaxsga berib yuborish uchun, oldin belgilangan tartibda olib qo‘yilishi (yoki sotib olinishi) kerak edi. Bog‘ot tumani hokimligi bunday yo‘l tutmagan.

Nega shirkatga tegishli yer maydoni noqonuniy tarzda boshqa shaxsga ajratib berildi?

Xorazm viloyati qurilish bosh boshqarmasi 1-son XUJMShga tegishli yerning boshqa shaxsga ajratilishida Bog‘ot tuman qurilish bo‘limi obektlarni joylashtirish va bosh rejalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha arxitektor Ruslan Jumaniyozovni ayblamoqda.

Aynan uning yer maydonini joylashtirishdagi xatosi tufayli shunday holat yuzaga kelgani, bu qilmishi uchun unga nisbatan «hayfsan intizomiy chorasi ko‘rilgani» haqida ma'lumot bergan.

Qiziq fakt: bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, yer maydoni noqonuniy tarzda ajratib berilgan fuqaro Sevara Qurbondurdiyeva arxitektor Ruslan Jumaniyozovning yaqin qarindoshi, ya'ni xolasining qizi hisoblanadi.

Davlat dasturi asosida ajratilgan yer maydoni boshqa shaxsga sotib yuborildi

Sevara Qurbondurdiyeva 200 kv.m. yer maydonini 13.11.2020da Nodirbek Ataxanovga sotgan va buni notarial tartibda rasmiylashtirgan. Aslida «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi hech qayerda ishlamaydigan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilinmaganmi? Sevara Qurbondurdiyeva esa ishsiz emas, u 2010 yildan beri tuman tibbiyot birlashmasida ishlayapti.

Xo‘sh, tibbiyot xodimiga «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» kerakmi? Agar kerak bo‘lsa, u holda nega 1 yil o‘tgach, yer maydoni boshqa shaxsga sotildi?

Shu savollarni Sevara Qurbondurdiyevaga berdik, ammo «meni tinch qo‘yinglar» degan qisqa javobni oldik. Umuman olganda, o‘rinli savol tug‘iladi: «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi bo‘yicha ajratilgan yerni sotib yuborish mumkinmi?

Yana bir soxta hujjat

2020 yil 24 iyun kuni «Oqtepa» mahallasidagi fuqarolar ishtirokida yig‘ilish o‘tkaziladi va «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi qurilishi muhokama qilinadi. Qiziq, uch nafardan ortiq shaxsning bir yerda to‘planishi mumkin bo‘lmagan karantin davrida qanday yig‘ilish o‘tkazish mumkin?

Xullas, 1-son XUJMSh sobiq raisi Gulzoda Quryozova raisligida o‘tgan majlisning 22-sonli bayonnomasiga asosan, shu atrofdagi uylarda yashovchi 22 nafar fuqaro bino qurilishiga «qarshi emasligini bildiradi».

Biroq, 1-son XUJMSh yangi rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, bunday yig‘ilish umuman o‘tkazilmagani, bayonnoma esa soxta ekani aniqlangan.

Hozirgi vaqtda 1-son XUJMSh tomonidan Bog‘ot tumani hokimining Sevara Qurbondurdiyevaga yer ajratish haqidagi qarori bekor qilinishi bo‘yicha sudga ariza berilgan. Ajratilgan yer maydonida esa qurilish ishlari davom etmoqda.

Bog‘ot tumani hokimligi nega ma'lumot bermayapti?

Xorazm viloyati qurilish bosh boshqarmasi Sevara Qurbondurdiyevaga yer maydoni ajratilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlab, bu masalalarni Bog‘ot tumani hokimligidagi komissiya tomonidan qonun doirasida ko‘rib chiqib, ma'lumot berishni so‘ragan.

Xat 2020 yil 23 dekabr kuni yuborilgan. Oradan 2 oy o‘tdi. Biz bu xatga qandaydir munosabat bildirildimi, javob xati yozildimi, agar yozilgan bo‘lsa, shu xatning 1 nusxasini so‘rab, Bog‘ot tumani hokimi o‘rinbosari Odilbek Quryozovga murojaat qildik. Ammo xat taqdim qilinmadi.

So‘ngso‘z

Bog‘ot tumanidagi chigal va ajabtovur voqealarning qisqacha mazmuni shunday.

Yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish, ularning orasidagi ishsizlikni kamaytirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat dasturlari qabul qilinyapti. Ammo Bog‘ot tumanida yuz bergan voqealar ushbu dasturlarning ijrosi bilan bog‘liq holat aslida qandayligi haqidagi savollarni keltirib chiqarmoqda. Davlat dasturida ko‘zlangan maqsadga erishilayotgani, davlatning yoshlarga yordami «manzilga yetib borayotgani» borasida shubhalarni uyg‘otmoqda. Albatta bu voqealar davlatimiz rivoji uchun o‘ta zarur bo‘lgan tizimli islohotlarning ildiziga bolta uradi. Tegishli idoralar vaziyatni o‘rganib, baho beradi degan umiddamiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid