O‘zbekiston | 11:51 / 06.03.2021
4225
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda  

Prezident “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • xotin-qizlarning ta'lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi, munosib ish topishiga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish;
  • hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta'minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
  • turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
  • xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, ilg‘or tajribalar asosida mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda farzand tarbiyasidagi rolini oshirish choralarini ko‘rish;
  • hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini ta'minlash, ularga uslubiy-amaliy ko‘maklashish;
  • “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlar muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.

Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni har bir xonadon va mahalla kesimida tashkil etishi belgilab qo‘yildi:

  • xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini uyma-uy yurish orqali o‘rganish ishlarini tashkil etish, sektor rahbarlari, mahalla raislari va ularning oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlarining ayollar bilan ishlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil qilish;
  • “Ayollar daftari”ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz hamda zo‘ravonlikka uchragan ayollar muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha mas'ul idora va rahbarlarning natijaga yo‘naltirilgan faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish;
  • sektor rahbarlari, hokimlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan joylardagi xotin-qizlar muammolarini hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, amalga oshirish va xalq deputatlari mahalliy kengashlarida har oyda hisobot berishini yo‘lga qo‘yish;
  • muhtoj xotin-qizlarning sanatoriylar, davolash-profilaktika muassasalarida sog‘lig‘ini tiklash, ichki turizm uchun yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda sayohat va dam olishini tashkillashtirish;
  • yuqoridagi masalalar yuzasidan muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan markaziy va mahalliy televideniyeda ko‘rsatuvlar va chiqishlarni tashkillashtirish.

Mavzuga oid