O‘zbekiston | 22:32 / 11.03.2021
15331
2 daqiqa o‘qiladi

1 oktyabrgacha O‘zbekistonga sement olib kirishda bojxona boji to‘lanmaydi

Bu haqda prezidentning «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilandi.

Foto: Getty Images

Farmonga ko‘ra, uy-joylar narxini arzonlashtirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan yangi tartib doirasida:

  • ko‘p kvartirali uy-joylar qishloq joylarda 5 va undan yuqori qavatli, shaharlarda 9 va undan yuqori qavatli, monolit temir-beton va yirik panelli konstruksiyalar hamda boshqa qurilish materiallari asosida massiv shaklida quriladi;
  • uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun mo‘ljallangan sement hamda metall prokati bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
  • 2021 yil 1 oktyabrgacha sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

2021 yil 1 maygacha yakka tartibdagi uy-joylarning namunaviy loyihalari ishlab chiqilib, Qurilish vazirligi rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Shuningdek, prezident imzolagan yangi farmonda 2021 yil davomida respublikada 33 mingdan ortiq kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar ipoteka kreditlari asosida berilishi belgilangan.

Avvalroq, prezident o‘tkazgan yig‘ilishda qurilish sifatini oshirish mas'uliyati bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov zimmasiga yuklatilgandi. «Tsement ishlab chiqarish bu yil 16-17 million tonnaga yetkaziladi. Ammo qurilishlar hajmi ham ikki barobar ortadi va bizda 40 million tonnaga yaqin sement zarurati bo‘ladi», degan hukumat rasmiysi.

Mavzuga oid