Jahon | 23:37 / 11.03.2021
10910
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Alibaba’ga rekord qiymatdagi jarima solinishi mumkin - OAV

Xitoyning antimonopol idoralari Alibaba kompaniyasiga rekord qiymatdagi jarima solish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: feelphoto / Shutterstock

The Wall Street Journal nashrining vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, jarima qiymati 975 mln dollardan oshishi mumkin.

Bungacha Xitoyda solingan rekord jarima 975 mln dollarni tashkil qilgan va uni 2015 yilda AQShning Qualcomm kompaniyasi Xitoyning monopoliyaga qarshi qonunlarini buzgani uchun to‘lagan. Ushbu jarima Xitoy tarixidagi eng yirik jarima hisoblanadi.

Bundan tashqari, Alibaba uning onlayn-platformasida mahsulot sotuvchi kompaniyalar bilan eksklyuziv shartnomalar tuzish amaliyotidan voz kechishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Mutasaddi idoralarning fikricha, kompaniya shunday yo‘l bilan o‘z mahsulotlarini Alibaba’ga raqobatchi platformalarda, jumladan JD.com’da sotgan kompaniyalarni faqat o‘zi bilan ishlashga majbur qilgan.   

Xitoy rasmiy idoralari Alibaba’ning onlayn-savdo bilan bog‘lanmagan boshqa aktivlari sotilishi imkoniyatini ham ko‘rib chiqishmoqda. Kompaniya vakillari WSJ’ga izoh berishdan bosh tortishgan. Xitoyning bozorni tartibga solish bo‘yicha davlat boshqarmasi ham ushbu vaziyat bo‘yicha murojaatga javob bermagan.

2020 yil oxirida Alibaba rahbari Jyek Ma Xitoy moliya idoralari faoliyatini tanqid qilgandan keyin kompaniya va uning shu'ba korxonasi Ant Group mutasaddi idoralar e'tiboriga tushgandi. Jumladan, noyabrda Ant Group aksiyalarining Shanhay va Hongkong birjalarida ilk sotuvga chiqarilishi to‘xtatilgan va Alibaba ortidan moliyaviy nazorat kuchaytirilgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, IPO bekor qilinishiga kompaniya hukumat talablariga javob bermasligi mumkinligi sabab bo‘lgan.  

Alibaba Xitoyning eng yirik onlayn-reteyleri hisoblanadi. 2020 yilda 780 mln kishi kompaniya platformalari orqali xarid amalga oshirgan.

Mavzuga oid