Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston prezidenti Xitoy raisiga tabrik maktubi yo‘lladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinni tavallud kuni munosabati bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar va oilaviy baxt-saodat tiladi.
Davlat rahbari yo‘llagan tabrik maktubida Si Tszinpin Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining yirik siyosiy arbobi sifatida mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichlariga yetaklab borayotgani alohida ta’kidlangan.
Maktubda qayd etilishicha, Si Tszinpinning oqilona rahbarligi ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosati mamlakat tarixida yorqin sahifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari so‘nggi yillarda izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda Xitoy va shaxsan Si Tszinpinning doimiy ko‘magi hamda qo‘llab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Maktubda o‘tgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda ko‘p qirrali hamkorlik mexanizmlari shakllangani, shuningdek, «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi doirasida salmoqli amaliy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Tabrik yakunida davlat rahbari Si Tszinpinga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va yangi zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik hamda barqaror taraqqiyot tiladi.
Mavzuga oid
14:10
O‘zbekiston va BAA strategik sheriklik doirasida yangi loyihalarni amalga oshiradi
13:31
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vazirini qabul qildi
11:00
Yangi Toshkent megapolisi va transport koridorlari investorlarga taqdim etildi
10:45