Jahon | 09:22 / 12.03.2021
3833
3 daqiqa o‘qiladi

BMTda ocharchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi

Foto: Reuters

BMT kotibiyati tarkibida ocharchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi. Ishchi guruh ocharchilikning oldini olish bo‘yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish va undan eng ko‘p aziyat chekuvchi davlatlarga yordam berish uchun sa'y-harakatlarni safarbar qiishda yordam beradi.

Ishchi guruh tashkil etilishi haqida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida e'lon qildi.

“Men gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosarim Mark Loukok rahbarligida ocharchilikning oldini olish bo‘yicha oliy darajadagi ishchi guruh tashkil etishga qaror qildim. Ushbu guruh Butunjahon oziq-ovqat dasturi va Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti vakillarini o‘z ichiga oladi”, deb aytgan Guterrish.  

BMT bosh kotibi ocharchilik urush olib borishning vositasi sifatida tobora ko‘proq qo‘llanayotganiga e'tibor qaratgan. U bunga misol sifatida Suriyadagi vaziyatni keltirib o‘tgan. Boshqa hududlardagi inqirozlar esa oziq-ovqat yetkazishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. 

Guterrish shoshilinch choralar ko‘rilmasa, dunyoda millionlab odamlar ocharchilik va o‘lim yoqasiga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil oxirida dunyoda 88 mlndan ko‘proq odam ocharchilikdan aziyat chekkan. Bu esa 2019 yildagiga nisbatan 20 foiz ko‘proqni tashkil qilgan. 

“2021 yilga prognozlar ham ushbu qo‘rqinchli tendensiyaning davom etishini ko‘rsatmoqda”, deb aytgan BMT rahbari va iqlim o‘zgarishlari hamda pandemiya bu vaziyatni yanada chuqurlashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shu munosabat bilan Guterrish xalqaro hamjamiyatni ocharchilikka qarshi kurash va uning paydo bo‘lishiga olib keluvchi inqirozlarni to‘xtatish bo‘yicha sa'y-harakatlar amalga oshirishga chaqirgan. “Ocharchilik ustidan g‘alaba – barqarorlik va tinchlik negizidir. Agar biz bu chaqiriqlarni yengishni istasak, unda ocharchilik muammolari bilan bir qatorda inqirozlarni to‘xtatish bilan shug‘ullanmog‘imiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan BMT bosh kotibi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid