O‘zbekiston | 15:46 / 12.03.2021
6024
5 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida yangi boshqarmalar tashkil etiladi

Prezident tomonidan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Norma’ning yozishicha, hujjatga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi;
  • Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi;
  • Qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari (2021 yil 1 martdan);
  • Ichki audit va komplayens-nazorat boshqarmasi.

Quyidagilar joriy etiladi:

  • agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar joriy etish masalalariga mas'ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari lavozimi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda yer tuzish, yer monitoringi, ekinlarni joylashtirish va ekilishini monitoring qilish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha shtat birliklari.

Quyidagilar qisqartiriladi:

  • axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining agrar sohani raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;
  • unga bo‘ysunuvchi markaziy apparatdagi 16ta shtat birligi.

Kadastr agentligining «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy bo‘linmalari shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi, ular balansida turgan bino-inshootlar 2021 yil 1 martdan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari namunaviy tuzilmasi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi hududiy bo‘linmalari xodimlari cheklangan soni;
  • tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlari cheklangan soni.

Quyidagilar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilandi:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratchilari tomonidan ko‘rilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarga asosan undiriladigan jarimalar 50 foizi;
  • o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar bo‘yicha hisoblangan mablag‘lar 5 foizi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidagi huquqlar berildi:

  • qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdor shaxslarni jarimaga tortish;
  • tadbirkorlik sub'yektlarida qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni o‘rganish ishlarini, ekinlarni xatlovdan o‘tkazish va o‘lchash, ularning normativ qiymatini aniqlash, yerlardan maqsadli foydalanilishini o‘rganish hamda geobotanik va tuproq-tadqiqot ishlarini Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshirish;
  • uchuvchisiz uchar qurilmalar (dronlar)dan foydalanish va ularni to‘lovsiz uchirishni amalga oshirish, shuningdek ularni qishloq xo‘jaligi maqsadida ishlab chiqaruvchi korxonalardan tendersiz to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish.

2021 yil 1 iyulga qadar yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar to‘plamini shakllantirish va ularni ko‘rib chiqish monitoringini yuritish bo‘yicha «Ye-Yer Nazorat» avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi hamda boshqa davlat organlari axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

Shuningdek quyidagilarning loyihalari ishlab chiqiladi:

Soliq kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi:

a) davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan yerdan foydalanishni yerdan noqonuniy foydalanish deb hisoblash hamda unga nisbatan yer solig‘i stavkasini 10 baravar miqdorida qo‘llash;

b) yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallangan va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqroq hajmda foydalanilganda, shuningdek yer uchastkasidan belgilangan maqsadlarda foydalanmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, yer solig‘i belgilangan stavkalarini 20 baravar miqdorida undirish;

Jinoyat kodeksiga yer uchastkalari, shu jumladan muhofaza etiladigan zonalar, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik holatlari bo‘yicha jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi;

quyidagilar to‘g‘risidagi hukumat qarorlari loyihalari:

a) qishloq xo‘jaligi yerlari elektron xaritalarini yaratish;

b) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni monitoring va muhofaza qilishda davlat nazoratini amalga oshirish tartibi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid