Jahon | 20:18 / 16.03.2021
7142
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada koronavirusning yangi varianti aniqlandi  

Fransiyaning Bretan regionida koronavirusning yangi turi aniqlandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u yuqori xavfga ega emas. 

Foto: Reuters

Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligining ta'kidlashicha, virusning ushbu variantini aniqlash qiyin kechgan. U bilan zararlangan odamlarda koronavirusga xos simptomlar kuzatilgan, biroq PsR-testlar manfiy natijalar bergan.  

“Yangi variant Kot-d`Armor departamentidagi Lanon shifoxonasida aniqlandi. 13 mart kuni 79ta, jumladan yangi variant bilan 8ta kasallanish holati qayd etilgan”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Hozircha mutaxassislar ushbu shtamm bo‘yicha hech qanday xulosalar chiqarishmagan. Ular virusni o‘rganish bilan shug‘ullanishmoqda va uning emlash hamda avvalgi kasallanishlar vaqtida organizmda ishlab chiqilgan antitanalarga ta'sirchanligini tajribaviy yo‘l bilan aniqlashni rejalashtirishgan. 

Fransuz mutaxassislari ushbu turni hozircha JSSTning boshlang‘ich toifadagi, ya'ni “kuzatuv ostidagi” variantlar (VUI) sirasiga kiritishgan. Agar u o‘ziga xos xususiyatlarga egaligi aniqlansa, “muammoli variantlar” (VOC) toifasiga kiritilishi mumkin.

Fransiya mutasaddi idoralari xalqaro sog‘liqni saqlash idoralariga yangi tur haqida ma'lumotlarni berishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid