O‘zbekiston | 12:18 / 16.03.2021
5072
4 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, 2022 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tegishli moliya yilidan oldingi yilning 1 noyabridan boshlanadi.

Paxta yig‘im-terimi uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi bir qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lash Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Bunda quyidagilarni qoplash uchun kompensatsiya kreditning dastlabki 9 oyi uchun to‘lanadi:

  • milliy valutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini;
  • xorijiy valutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini.

Belgilangan tartibga muvofiq, 2021 yilda:

sabzavot yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun jamg‘arma tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan 2 foiz punkt kamaytirgan holda tijorat banklariga joylashtiriladi;

tijorat banklari tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasida (shundan, bank marjasi 2 foiz) yetishtiriladigan sabzavot qiymati 40 foizigacha miqdorda quyidagilarga kredit ajratiladi:

a) sabzavotchilik klasterlariga;

b) fermer xo‘jaliklariga;

v) boshqa sabzavot yetishtiruvchilarga;

tijorat banki tomonidan kreditlar bitimda belgilangan muddatda qaytarilmasa, kreditlar qaytarilmagan qismiga foizlar Markaziy bank asosiy stavkasiga 6 foiz punkt qo‘shib hisoblanadi.

2022 yil hosilidan boshlab asosiy maydonlarda sabzavot yetishtirish uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan qismi uchun kompensatsiya to‘lash tizimi joriy etiladi.

Quyidagilar jamg‘arma asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • paxta xomashyosi va bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish;
  • asosiy maydonlarda ekiladigan sabzavot mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
  • ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash uchun zarur bug‘doyni bozor narxlarida xarid qilish va birja savdolariga qo‘yish;
  • fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga zamonaviy, yuqori samarali qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash.
  • Shuningdek, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari hamda ularni sarflash yo‘nalishlari belgilandi.

Jamg‘arma barcha hisobvaraqlariga, shu jumladan jamg‘arma aylanma mablag‘lari hisobidan operatsiyalar o‘tkaziladigan tegishli bank hisobvaraqlariga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilmaydi. Jamg‘arma mablag‘lari belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda, ular inkasso topshiriqnomasi bilan undirilishi belgilandi.

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘arma kengashi tarkibi tasdiqlandi hamda uning vazifalari belgilandi. Shuningdek, jamg‘armani boshqarish departamentining tuzilmasi tasdiqlandi. Departamentga, istisno tariqasida, jamg‘arma mablag‘larini elektron auksion o‘tkazmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida tijorat banklarida depozitga joylashtirish huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid