O‘zbekiston | 08:30 / 17.03.2021
12551
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: O‘zbekistonga AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozasi olib kelindi

17 martga o‘tar kechasi Toshkentga Covid-19’ga qarshi AstraZeneca (CoviShield ) vaksinasidan birinchi partiya - 660 ming doza vaksina olib kelindi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ushbu vaksinalarni yetkazib berish Epidemiyalarga tayyorgarlikni ta'minlash maqsadida innovatsiyalar uchun koalitsiya (CEPI), Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)dan iborat bo‘lgan  COVAX global hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekiston GAVI tashkilotining COVAX dasturiga a'zo davlatlar qatoriga kiradi. Shu bois, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yil yanvar oyida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksina yetkazib berish yuzasidan GAVI tashkilotiga buyurtma berilgan edi», — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov.

Ushbu hamkorlik doirasida yil oxiriga qadar mamlakatga umumiy miqdorda 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajada vaksina, shprits va xavfsiz utilizatsiya qutilari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. COVAX fondi hisobidan O‘zbekistonga 2 million dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini yetkazish, shundan 2021 yil I chorakda 35-40 foizini, qolgan qismini II chorakda dunyo bo‘ylab vaksinalarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

«Bugun olib kelingan 660 ming doza vaksinalar COVAX O‘zbekiston uchun ajratgan 2 million doza vaksinalarning birinchi qismidir. Vaksinalarning qolgan qismi yaqin oylarda yetkazib beriladi.  

Ushbu vaksinalar bilan respublikamizda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlanadi va bosqichma-bosqich davom ettiriladi. 

Yil boshida mamlakatimizda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda YUNISEF va JSST bilan hamkorlikda respublikada koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, aholining yuqori xavfga ega qatlamlari belgilanib, ularni emlash uchun 3 ming 138 ta emlash punktlari, hamda 862ta mobil brigadalari shay holga keltirildi.

Albatta, ushbu tadbirlar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samarasini oshirish, aholi salomatligini  himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Covid-19’ga qarshi emlashni amalga oshirishga tayyorgarlik uchun YUNISEF Toshkentdagi «Milliy» stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirgan edi.

Mavzuga oid