Jamiyat | 09:18 / 21.03.2021
4410
6 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik eshituvi: Davlat dasturi ijrosiga mas'ullar axborot berdi

19 mart kuni «Yuksalish» umummilliy harakati hamda Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan 2021 yil - «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturining ijrosi bo‘yicha dastlabki jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Fevral oyida davlat dasturining 273ta bandidan 7ta bandi, mart oyida 34ta bandi bo‘yicha vazifalar ijrosi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirga qadar 16ta band ijrosi ta'minlangan. Jamoatchilik eshituvida ijroga mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli masalalar yuzasidan axborotlar taqdim etildi. Jumladan,

  • «Davlat xaridlari sohasidagi 1 milliard so‘mgacha budjet buyurtmachilari tomonidan avans to‘lovlari miqdorini 30 foizga yetkazish» (45-band) — Moliya vazirligi;
  • Respublika mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturini ishlab chiqish (70-band) — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;
  • «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida mahalla va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish (77-band) — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi;
  • «Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish» (80-band) — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.

Shuningdek, dasturning 60-bandida «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Bu bo‘yicha Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev axborot berdi:

 — Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad — ushbu yo‘nalishda tarqoq holdagi normativ-huquqiy hujjatlarni birlashtirgan holda soddalashtirishdan iborat. Bizda nobank kredit tashkiloti tushunchasi qonunchilikda mustahkamlanmagan edi. Qonun bilan nobank tashkilotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular tomonidan amalga oshiriladigan (ko‘rsatiladigan) moliyaviy operatsiyalar (xizmatlar) ro‘yxati belgilanmoqda. Xususan, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar mikromoliyalash faoliyatini amalga oshirishi, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari banklarning ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishi mumkin. Bundan tashqari, mikromoliya tashkilotlari amalga oshiradigan operatsiyalar jumlasiga tadbirkorlik sub'yektlariga mikrokredit summasidan (300 million so‘m) oshgan miqdorda kredit va lizing berishga, faktoring xizmatlarini ko‘rsatishga, kafolat berishga hamda ularni islom tamoyillari asosida moliyalashtirishga ruxsat berilmoqda.

Davlat dasturining 73-bandiga ko‘ra, 1 martga qadar «Vodorod energetikasi texnologiyalarini o‘rganish va ilm-fanni rivojlantirish» yuzasidan Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti? Vodorod energetikasi sohasida qancha olimlar xorijning yetakchi kompaniyalarida stajirovka o‘taydi? Birinchi Vodorod stansiyasi qachon quriladi? Shu va energetika barqarorligi, sohaning istiqboldagi rejalariga bog‘liq masalalar bo‘yicha energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatovning axboroti tinglandi:

 — Vodorod energetikasi sohasida faoliyatni kuchaytirishning o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Bugungi kunda foydalanilayotgan asosiy energiya resurslari bu uglevodorod resurslari hisoblanadi va qachondir bu resurslarimiz tugaydi. Shundan kelib chiqqan holda kelajakda mamlakatimiz aholisini barqaror energiya resurslari bilan ta'minlash bo‘yicha hozirdan qadam tashlanmoqda. Vodorod energetikasi yo‘nalishini kuchaytirish uchun jahondagi nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Saudiya Arabistonining ACWA POWER kompaniyasi bilan hamkorlik bitimi imzolanib, amaliy ishlar boshlangan. Ma'lumot uchun, ushbu kompaniya Saudiya Arabistonida 500 mlrd dollar qiymatidagi «Kelajak shahri» loyihasi doirasida energiya va suv ta'minotini amalga oshiradi. Bevosita O‘zbekistonda esa ushbu kompaniya bilan ikkita loyiha bo‘yicha hamkorlik amalga oshirilmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatida qiymati 1,2 mlrd dollar miqdoridagi 1,5 gigavattlik elektr stansiyasi hamda 1 gigavattli shamol energiya stansiyalarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, vodorod energetikasi texnologiyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi AQShning AIR PRODUCTS kompaniyasi bilan O‘zbekistonda tadqiqotlar olib boruvchi markaz faoliyatini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilmoqda. Ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatli faoliyatni tashkil eta olsak, ayta olamanki, MDH hududida sohada ilg‘or mamlakatga aylanamiz, ya'ni yaratilgan texnologiyalardan shunchaki foydalanuvchi emas, balki texnologiya yaratuvchi davlatga aylanamiz.

Ma'lum qilinishicha, hozirda ikkita pilot loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, birinchisi, 2022 yilda vodorodda yuradigan avtomobillarni olib kelish va stansiyalar barpo etish. Ikkinchisi, shu yilning o‘zida vodorodda yuradigan avtobuslarni sinovdan o‘tkazish va ularga ham stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Jamoatchilik eshituvi davomida belgilangan vazifalar bo‘yicha ijro muddatlariga amal qilinmayotganligi, ma'lumotlar ochiqligi masalalariga yetarli e'tibor qaratilmaganligi tanqid qilindi.

Shuningdek, davlat dasturining ijrosi muntazam ravishda jamoatchilik e'tiborida bo‘lishi, bu borada jamoatchilik nazorati tadbirlari doimiy davom ettirilishi qayd etildi.

  • Eslatib o‘tamiz, Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonun hujjatlari ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yo‘lga qo‘yish, jumladan, «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» tizimini joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
  • «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan davlat dasturini monitoring qilish maqsadida maxsus Jamoatchilik.uz platformasi ishga tushirilgan.

Mavzuga oid