Fevral oyida davlat dasturining 273ta bandidan 7ta bandi, mart oyida 34ta bandi bo‘yicha vazifalar ijrosi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirga qadar 16ta band ijrosi ta'minlangan. Jamoatchilik eshituvida ijroga mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli masalalar yuzasidan axborotlar taqdim etildi. Jumladan,

  • «Davlat xaridlari sohasidagi 1 milliard so‘mgacha budjet buyurtmachilari tomonidan avans to‘lovlari miqdorini 30 foizga yetkazish» (45-band) — Moliya vazirligi;
  • Respublika mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturini ishlab chiqish (70-band) — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;
  • «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida mahalla va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish (77-band) — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi;
  • «Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish» (80-band) — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.

Shuningdek, dasturning 60-bandida «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Bu bo‘yicha Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev axborot berdi:

 — Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad — ushbu yo‘nalishda tarqoq holdagi normativ-huquqiy hujjatlarni birlashtirgan holda soddalashtirishdan iborat. Bizda nobank kredit tashkiloti tushunchasi qonunchilikda mustahkamlanmagan edi. Qonun bilan nobank tashkilotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular tomonidan amalga oshiriladigan (ko‘rsatiladigan) moliyaviy operatsiyalar (xizmatlar) ro‘yxati belgilanmoqda. Xususan, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar mikromoliyalash faoliyatini amalga oshirishi, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari banklarning ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishi mumkin. Bundan tashqari, mikromoliya tashkilotlari amalga oshiradigan operatsiyalar jumlasiga tadbirkorlik sub'yektlariga mikrokredit summasidan (300 million so‘m) oshgan miqdorda kredit va lizing berishga, faktoring xizmatlarini ko‘rsatishga, kafolat berishga hamda ularni islom tamoyillari asosida moliyalashtirishga ruxsat berilmoqda.