Jahon | 11:34 / 23.03.2021
3274
2 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshdagi qochqinlar lagerida yirik yong‘in yuz berdi

Foto: arabnews

Bangladeshning Koks-Bazar shahrida myanmalik rohinja qochqinlari uchun mo‘ljallangan Baluxali lagerida yirik yong‘in yuz berdi. Voqea oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan.

Yong‘in sababi hozircha noma'lum. U lagerdagi mingga yaqin kulbalarni yo‘q qilgan. Halok bo‘lganlar bor, ularning soni aniqlashtirilmoqda.

Shahar ma'muriyatining ma'lum qilishicha, yong‘inni o‘chirishga o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruv xizmatlari xodimlari hamda ko‘ngillilar jalb qilingan.

Guvohlarning ta'kidlashicha, lager atrofidagi to‘siqlar yong‘indan qochishni qiyinlashtirgan. 

SBS News telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgan, 20 ming kishi omon qolgan. Ushbu yong‘in oxirgi bir necha yil ichida qochqinlar lagerlarida yuz bergan eng yirik yong‘inlardan biri bo‘lgan.  

Hozirda milliondan ko‘proq rohinja musulmonlari Bangladesh janubidagi lagerlarda yashamoqda. Ularning aksariyati Myanmadan 2017 yilda harbiylar sodir etgan qatag‘onlar vaqtida qochib ketgan. BMT rohinjalarga qarshi qatag‘onlarni genotsid deb baholagan, biroq Myanma buni rad etib keladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid