Iqtisodiyot | 16:02 / 25.03.2021
20791
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mehmonxonalar nega qimmat?

Soha mutaxassisiga ko‘ra, O‘zbekistonda mehmonxona va umuman xizmat ko‘rsatish sektoriga soliq yuki ko‘p. Butun dunyoda xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) mutlaqo yo‘q yoki belgilangan QQS stavkasidan 2 barobar kam. Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi mehmonxonalar uchun QQS stavkasini pasaytirishni taklif qilmoqda.

Foto: Dreamstime

O‘zbekistonda mehmonxona sohasida soliq yuki ko‘pligi – mehmonxonalar qimmatligining asosiy sabablaridan, deydi Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov Kun.uz bilan suhbatda.

«Butun dunyoda xizmat sektorida, xususan, mehmonxona tarmog‘ida qo‘shimcha qiymat solig‘i mutlaqo yo‘q yoki juda ham katta farq bilan iqtisodiyotda o‘rnatilgan QQSdan past stavkada belgilangan.

Masalan, turizmi yaxshi rivojlangan Turkiyada QQS 18 foiz qilib belgilangan, ammo mehmonxonalar uchun 8 foiz. Germaniya, Gretsiya, Fransiya – hammasida mehmonxonalar uchun QQS kamida 2 barobar past.

Bizda bir xil 15 foizlik stavka belgilangan. Lekin O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymat solig‘i mavzusini ko‘tarishga yuqoriroq turadigan tashkilotlarning allergiyasi bor. Chunki QQS davlat budjetiga asosiy tushum keltiradigan soliq hisoblanadi.

Menimcha, bunga sabab qaysidir sohaga QQS stavkasini kamaytirish boshqa sohalarning bu masalani ko‘tarishiga olib kelishidan qo‘rquv bo‘lishi mumkin», – deydi mutaxassis.

Dilshod Odilovga ko‘ra, mehmonxona sohasida ishlab chiqarishga qaraganda soliq yuki sezilarli ko‘p. Bu o‘z navbatida mehmonxona xarajatlarini oshirib, narx qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda.

«Hamma O‘zbekistonda mehmonxonalar qimmat deydi, chunki O‘zbekistondagi mehmonxonalarning soliq yuki katta. Yaqinda bir soliq konsultanti bilan bir mehmonxona va bir ishlab chiqarish korxonasi misolida soliq yukini hisoblab chiqdik. Mehmonxonaning soliq yuki biz olgan raqamlar bo‘yicha 37 foizga to‘g‘ri keldi.

Buncha soliq yuki bo‘lishi juda katta raqam. Natijada mehmonxona xizmatlari narxini 37 foizga ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi.

QQS tufayli, Turkiya va O‘zbekistondagi bir mehmonxonaning egasi bir xil pul topgan taqdirda, Turkiya mehmonxonasi O‘zbekistondagi mehmonxonadan 10 foiz arzon bo‘la oladi.

Masalan, Turkiyada bitta xona 90 dollar bo‘lsa, O‘zbekistonda aynan shuncha pul topish uchun xonani 100 dollarga sotish kerak. Bu mehmonxona egasining aybi emas-ku», – deydi u.

Turizm assotsiatsiyasi raisining ma'lum qilishicha, mehmonxona sohasi uchun QQS stavkasini pasaytirish bo‘yicha Iqtisodiyot assambleyasi yuristlari bilan birgalikda Davlat soliq qo‘mitasiga takliflar tayyorlanmoqda.

Tashabbuskorlar fikricha, xizmat ko‘rsatish sohasi uchun alohida QQS stavkasi belgilanishi kerak. Dilshod Odilov buning sabablarini izohladi:

«Rivojlangan davlatlar bekorga mehmonxona sohasi uchun pasaytirilgan QQS stavkasini belgilamagan: hammasining arifmetikasi bor.

Deylik, bir million so‘mga telefon sotsangiz, sizga uning tannarxi taxminan 800 ming so‘mga tushadi, deb hisoblasak, buning ichida xomashyo olganingizda (xomashyo uchun) QQS to‘lagansiz. 1 million so‘mdan QQS to‘layotganingizda 800 ming so‘mning ichida to‘lab bo‘lingan QQSni ayirib tashlaysiz, qolgan 200 ming so‘miga to‘g‘ri keladigan qismidan QQS to‘laysiz.

Mehmonxona sohasida qanday? 1million so‘mga xona sotsangiz, uning ichida QQS to‘lab olingan mahsulot yo‘q. Chunki bu xizmat ko‘rsatish bo‘lib, unda ishchilar oyligi, soliqlar bor. Soliqning miqdorini QQSdan ayirib tashlay olmaysiz. Ya'ni bir million so‘mning ichida mehmonxonaning 500 ming so‘m xarajati bor, deb hisoblasak, buning ichida QQS miqdoridan ayirib tashlash mumkin bo‘lgan baza yo‘q», – deya tushuntirdi soha mutaxassisi.

Odilovning ta'kidicha, xizmat ko‘rsatish sohasi yagona QQS stavkasiga muhtoj, bu – yashirin iqtisodiyotni qisqartiradi, turizm tannarxini kamaytiradi.

«O‘zbekiston sharoitida mehmonxonalar uchun QQSni 5-6 foiz qilib belgilash kerak. Soliq yukining kattaligi yashirin iqtisodiyotni rag‘batlantiryapti. Agar QQS stavkasi tushirilsa, birorta mehmonxona topayotgan daromadini yashirmasdan to‘liq ko‘rsatadi, natijada hozirgi tushayotgandan ko‘ra ko‘proq soliq tushumi bo‘ladi.

Tadbirkor bir million so‘mga xona sotib, xona narxini 300 ming so‘m qilib ko‘rsatsa, bunda 15 foiz QQS bilan 45 ming so‘m soliq to‘lanadi. Agar QQS 5 foizga tushirilsa, bir million so‘mni to‘liq ko‘rsatib, 50 ming so‘m QQS to‘laydi.

Bu bilan mehmonxonalarning hammasi soliqdan qochadi, demoqchi emasman, biroq yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘yish ehtimoli yuqoriroq. QQS O‘zbekiston sharoitida mehmonxonalar uchun 5-6 foiz bo‘lishi kerak. Natijada mehmonxonalar narxi tushadi, bu o‘z navbatida turizm tannarxi kamayishiga zamin yaratadi, yashirin iqtisodiyot qisqaradi, budjetga hozirgi soliq tushumidan ko‘proq tushum bo‘ladi», – deydi u.

Avvalroq, Dilshod Odilov Kun.uz'ga pandemiya tufayli qiyin ahvolda qolgan mehmonxona biznesining tiklanish davri 2020 yil oktyabr-noyabr oyidan boshlab hanuzgacha davom etayotganini, 2021 yil boshidan foyda ko‘ra boshlaganini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 martdan boshlab, O‘zbekiston fuqarolari ham turistik yig‘im to‘laydigan bo‘ldi. Yana bir yangi yig‘im turiga nisbatan turizm va mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi ayrim tadbirkorlar yig‘im joriy qilishga ichki turizmni rivojlantirish asos qilinganiga qaramay, u boshqa muammolarni keltirib chiqarishini aytishgandi. DSQ esa yig‘im va soliq tushunchalarini yanglish tushunmaslikka chaqirgandi.

Madina Ochilova, Kun.uz.

Mavzuga oid