O‘zbekiston | 20:31 / 26.03.2021
11569
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 99 yoshli ayol koronavirusdan sog‘ayib chiqdi

Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 14 mart kuni koronavirus tashxisi bilan olib kelingan 99 yoshli T. T. kasallikdan sog‘aydi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bemorda o‘tkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida ikki tomonlama gidrotoraks suyuqlik aniqlangan. 

«Davolash jarayonida torakal jarrohlik yo‘li bilan  bemorning o‘pkasidan 10 kun davomida 4 marta, jami 2 litr suyuqlik olindi. Bemor kichik operatsiyadan ham muvaffaqiyatli chiqdi, ikki hafta davomida intensiv davo muolajalari o‘tkazildi. Shu tarzda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Nihoyat, muolajalardan so‘ng olingan PZR testi  manfiy natijani ko‘rsatdi», — deydi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limi mudiri Dono Jo‘lamanova. 

Bundan tashqari, bemorda hamroh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan. Bemordagi yurak yetishmovchiligi asoratlari ham tezda bartaraf etilgan. 

«Shunday qilib, shifokorlarimizning to‘g‘ri tanlangan tizimli muolajalari sabab 99 yoshli bemor onaxon koronavirusdan butkul sog‘ayib, o‘z uyiga ruxsat berildi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid