Jahon | 18:04 / 28.03.2021
3971
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada xudkushlar cherkov oldida portlash sodir etdi

Indoneziyaning Janubiy Sulavesi provinsiyasi markazi Makasar shahrida katolik cherkov yaqinida portlash sodir etilishi oqibatida kamida 14 yo‘lovchi jarohat olgan.

Foto: Reuters

Mahalliy nashrlar politsiyaga asoslanib xabar berishicha, xudkushlar ikki nafar bo‘lgan, ular odamlar yakshanba ibodatidan chiqib kelishini poylab, portlovchi qurilmalarni harakatga keltirgan.

Politsiyachilar Reuters agentligiga voqea joyida mototsikl qoldiqlari va ikki terrorchining tanasi parchalari topilgani haqida xabar berishgan.

Milliy politsiya vakilining xabarlariga ko‘ra, xudkushlar bino ichiga kirishga harakat qilishgan.

Bundan avval ham terrorchilar xristianlik cherkovlariga hujumlar uyushtirgan, ammo bu safar mamlakatdagi radikal guruhlarning hech biri sodir etilgan hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmayapti.

Rohib Vilxemus Tulak Metro TV telekanaliga bergan intervyusida, qo‘riqchilar terrorchilarni tutib olishga uringani haqida aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jabrlanuvchilarning ahvoli og‘ir.

Portlash cherkovning yon tomondan kirish qismida sodir bo‘lgan. Kuzatuv kameralariga muhrlangan kadrlarda olov chaqnashi, quyuq tutun va yo‘llardagi parchalarni ko‘rish mumkin. Makasar meri Denni Pomantoning aytishicha, agar portlash asosiy darvoza oldida sodir etilganida, talafot jiddiyroq bo‘lishi mumkin edi.

Indoneziya - dunyoda eng ko‘p musulmon aholiga ega mamlakat hisoblanadi. Yaqin o‘tmishda ham bir necha marta cherkovlar radikal kuchlar nishoni bo‘lishi kuzatilgan.

2018 yilda Surabayya port shahridagi cherkov va politsiya boshqarmasiga davomli hujumlar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgandi. Politsiya bu hujumlar uchun javobgarlikni IShIDning mahalliy guruhi zimmasiga yuklagan.

Indoneziyadagi eng qonli terakt 2002 yilda Bali orolida ro‘y bergan. Jangarilar turistlar bilan gavjum rayonga hujum qilishi 202 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, halok bo‘lganlarning aksari xorijliklar edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid