O‘zbekiston | 09:16 / 31.03.2021
3375
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy shaharlarda «Oltin kuz» xalqaro simfonik musiqa festivali o‘tkaziladi

Madaniyat vazirligi, TIV, IIV, Milliy gvardiya, SSV, Turizm qo‘mitasi, “Ilhom” jamoat fondi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniyaning “Oltin kuz” xalqaro simfonik musiqa festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e'lon qilindi.

“Oltin kuz” xalqaro simfonik musiqa festivali 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba oktyabr oyida Toshkent shahrida va keyingi yillarda mamlakatning boshqa tarixiy shaharlaridan birida o‘tkaziladi.

Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas'ul etib Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi belgilanadi.

Tashqi ishlar vazirligi festivalga tashrif buyuruvchi ishtirokchilar uchun Madaniyat vazirligi viza talabnomalariga binoan O‘zbekistonga kirish vizalarini O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida, zarur hollarda “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti”da konsullik yig‘imlar va haqiqiy xarajatlar o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi festival ishtirokchilari uchun mehmonxonalardan joy bron qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

  • festival bo‘lib o‘tadigan joylarda tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etadi;
  • festival o‘tkaziladigan vaqtda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilinishini nazorat qiladi;
  • festival oldidan hamda yakunidan so‘ng belgilangan tartibda binolarni dezinfeksiya qilish ishlarini amalga oshiradi.

Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:

  • O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari;
  • O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining mablag‘lari;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid