O‘zbekiston | 17:48 / 01.04.2021
7810
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda koronavirusga qarshi emlash jarayoni boshlandi

Namangan shahridagi 14-oilaviy poliklinikada ilk emlash ishlari amalga oshirildi va 87 yoshli otaxon Ahmadjon Ismoilov eng birinchi bo‘lib emlandi. 

 

«Birinchi kelib ukolni oldim, o‘zim talab qilib keldim. Negaki, avval koronavirusdan kasallanib, 45 kun davolanganman. Shuning uchun ham uyga doktor chaqirib, birinchi emlanaman deb aytganman. Hozir ahvolim yaxshi, o‘zimni yaxshi his qilyapman», — dedi Ahmadjon Ismoilov.

Birinchi bosqichda viloyat bo‘yicha 106 ming nafardan ziyod 65 va undan katta yoshdagi keksalar emlanadi.

«Namangan viloyati bo‘yicha 236 ta emlash punkti shay holatga keltirilgan. 293 ta emlash brigadasi shakllantirilgan. Ularga eng malakali shifokorlar, tibbiyot xodimlari jalb etilgan va 54 ta mobil guruh tashkil etilgan. Bu guruhlar zarur hollarda tegishli joylarga borib aholini vaksinatsiyadan o‘tkazadi», — deydi Namangan viloyati SSB axborot xizmati rahbari Abdulla G‘oziyev.

c2F6uGqCjTRhmHuUf5kcgLXDtKBCRa9K.jpg (900×600)

Namangan shahrida 21 ta emlash punkti tashkil etilgan bo‘lib, har bir punktda ish kuni davomida 70 nafar aholi emlanadi.

14-oilaviy poliklinika emlovchi hamshirasi Matluba Dadaxonovaning ma'lumot berishicha, koronavirusga qarshi emlanganlarning holati yaxshi, alohida dam olish xonalarida nazoratda bo‘lishgandan so‘ng, uylariga yaxshi kayfiyatda ketishgan. Vaksina qabul qilganlar uch kun mobaynida nazoratda bo‘lib, ulardan patronaj hamshiralar xabar olib turishadi.

Mavzuga oid