O‘zbekiston | 18:07 / 01.04.2021
2478
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda

Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 MVt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining qibray tumanida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 300 million AQSh dollarini tashkil qiladi va “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘liq moliyalashtiriladi.
 
Stansiyalar joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 3,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

Ahamiyatlisi, qurilish davomida 900 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Stansiyalar ishga tushgach 220 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mavzuga oid