Jahon | 21:11 / 02.04.2021
13424
2 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanali o‘zani kengaytirilishi mumkin

Suvaysh kanali boshqarmasi Ever Given kemasi bilan yuz berganga o‘xshash hodisalar takrorlanmasligi uchun kanal o‘zanini kengaytirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Shu bilan birga, kanalni chuqurroq qilishga zarurat yo‘q.

“Ayni vaqtda yuz bergan avariyadan keyin kanal o‘zanini kengaytirish imkoniyati o‘rganilmoqda. Konteyner tashuvchi kema bilan yuz bergan baxsiz hodisa favqulodda vaziyatlardagi inqirozdan chiqish uchun amaliy saboq bo‘ldi”,- deb aytgan kanal boshqarmasi boshlig‘i Usoma Robi. 

Avvalroq Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy kanal uchun yangi buksirlar va zemsnaryadlar sotib olish zarurligini, biroq buksirlarning o‘ziga yarim milliard dollar talab etilishini aytgan.

23 mart kuni “Ever Given” kemasi Suvayshda sayozlikka o‘tirib qolib, kanal orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygandi. Uni 29 mart kuni sayozlikdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan. Shundan keyin kanalda harakat tiklangan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda 200dan ko‘proq kema Suvaysh kanaliga kirishni poylab turibdi. Kanalda harakat tiklangandan keyin u orqali 350dan ko‘proq kema o‘tgan. Avvalroq kanal ma'muriyati suv arteriyasi faoliyatini 3 aprelgacha to‘liq tiklashga va'da bergandi.

O‘rtayer dengizi va Qizil dengizni bog‘lovchi Suvaysh kanalining umumiy uzunligi 193,3 kilometrni, chuqurligi 24 metrni, eni esa 350 metrgachani tashkil qiladi. Bu o‘lchamlar u orqali dunyodagi eng katta kemalar, jumladan, neft tankerlarining o‘tishiga ham imkon beradi. Kanal ikkita qismdan iborat bo‘lib, uning shimoliy qismida 2014 yilda asosiy o‘zanga parallel ravishda 72 km.lik qo‘shimcha o‘zan qurilishi boshlangan. Uning evaziga kemalarning ikki tomonlama harakatini ta'minlashga muvaffaq bo‘lingan. Misrga 8,2 mlrd dollarga aylangan ushbu loyiha 2015 yil avgustida yakunlangan. Shunga qaramay, kanalda bir tomonlama harakatli qismlar mavjud.

Mavzuga oid