Jamiyat | 14:54 / 03.04.2021
2473
2 daqiqa o‘qiladi

Bulung‘urlik ota farzandining alimenti uchun 200 million so‘m to‘lab berdi

Samarqand viloyati Jomboy tumanida ota bir nafar farzandining alimenti uchun 200 million so‘m to‘lab bergan. Bu haqda MIB Bulung‘ur tumani xabar bermoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi qarori bilan fuqaro X.B.dan undiruvchi D.N. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta'minoti uchun daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirib borish belgilangan. Ammo fuqaro X.B. anchadan beri aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelgan.

Mazkur holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Bo‘lim xodimlari qarzdor X.B. bilan tushuntirish ishlari o‘tkazgan.

Bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandi ta'minoti uchun, u voyaga yetguniga qadar bo‘lgan muddat uchun hisoblangan 200 million so‘mni to‘lab bergan.

Qayd etilishicha, mazkur sud hujjati undiruvchining arizasi bilan qonunning 40-moddasi 1-bandiga asosan tamomlangan.

Mavzuga oid