Jahon | 22:00 / 14.04.2021
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi eng kuchli atom elektr stansiyasi faoliyati taqiqlab qo‘yildi

Yaponiyaning mutasaddi idoralari mamlakatdagi eng kuchli atom elektr stansiyasi “Kasivadzaki-Kariva” faoliyatini taqiqlab qo‘ydi. Bunga esa AESda xavfsizlikni ta'minlash bilan bog‘liq jiddiy kamchiliklar aniqlangani sabab bo‘ldi.

Foto: vseonauke.com

Stansiyaning egasi, Yaponiyadagi eng yirik energetik kompaniya Tokyo Electric Power (TEPCO)ga stansiyadagi reaktorlarga yadro yonilg‘isini yetkazish va yuklash taqiqlab qo‘yildi. Bunday keskin chora Yaponiya atom sanoatida birinchi marta ko‘rilmoqda.

Avvalroq TEPCO AESda xavfsizlikka yetarli darajada e'tibor berilmaganini tan olgan. Stansiyadagi 15ta uchastkada unga tashqaridan yashirincha kirish ortidan kuzatuvchi qurilmalarda nosozliklar qayd qilingan. Ushbu qurilmalar qoniqarli darajada ta'mirlanmagan va yangisiga almashtirilmagan, deb topilgan. Bundan tashqari, stansiyada maksimal darajadagi hushyorlikka amal qilinishi kerak bo‘lgan xonalarda begona odamlar bo‘lgani qayd qilingan. Hukumat ekspertlarining fikricha, stansiyada, shuningdek, yadro materiallarining tegishli ravishda saqlanishi ta'minlanmaydi. Ta'kidlanishicha, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va qayta tekshiruv o‘tkazishga kamida bir yil vaqt talab etiladi.   

“Kasivadzaki-Kariva” AESi Xonsyu orolidagi Niigata prefekturasida, Yapon dengizi bo‘yida joylashgan. U 7ta yadro reaktorining umumiy quvvati (8,2 ming megavattdan ko‘proq) bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Stansiya “Fukusima-1” AESdagi falokatdan keyin texnik ko‘rik uchun to‘xtatilgandi. Uning egasi stansiya faoliyati davom ettirilishi uchun ruxsat berilishiga urinib kelmoqda, biroq Yaponiyaning atom energetikasini nazorat qilish qo‘mitasi bunga ruxsat bermayapti.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid