O‘zbekiston | 09:37 / 17.04.2021
30439
9 daqiqa o‘qiladi

Qarshida IIB mansabdori jurnalistga tahdid qildi. Tafsilotlar

16 aprel kuni Daryo.uz internet-nashrining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Otabek Qo‘ldoshevga ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bosim qilinib, uning xizmat guvohnomasi va texnikasi tortib olingan.

Jurnalist Qarshi shahridagi Ko‘kgumbaz jome masjidida, Ramazon oyining birinchi juma namozi haqida fotoreportaj tayyorlayotganda ichki ishlar xodimlari uning faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan.

«Muborak Ramazon oyining ilk juma namozi qanday o‘tayotgani haqida fotoreportaj uyushtirish uchun bugun soat 12:30lar atrofida Ko‘kgumbaz jome masjidiga bordim. Odatda ichki ishlar xodimlari masjidga kirish joyda turishadi. U yerdagi xodimlarning hammasi masjidga kamera bilan kirayotganimni ko‘rishdi.

Ichkariga kirib suratlar oldim, fotoreportajni deyarli tugatganimda bosh kiyimsiz IIB xodimlari kelib, nimaga suratga olayotganimni so‘rashdi. Jurnalistligimni va Daryo.uz muxbiri ekanimni aytdim. Xizmat guvohnomamni so‘rashganida, mashinamdaligini aytdim. Ular olib kelishimni so‘rashganida borib olib keldim. Juma namozi kunlari masjid atrofi tirband bo‘lgani sababli hujjatni olib kelishimga 5-10 daqiqa vaqt ketdi.

Guvohnomamni olib kelib ko‘rsatdim va meni masjiddan qo‘li bilan surib chiqarmoqchi bo‘lgan, xizmat faoliyatimga qarshilik qilgan xodimdan nega bunday qilganini, xatti-harakatlari uchun izoh berishini so‘radim. Shu paytda u kuch ishlatib, telefonimni tortib oldi. Bu telefonimda olingan videoda ham aks etgan. Shundan so‘ng ichki ishlar xodimlari meni jinoyatda gumonlanuvchilarni tashiydigan maxsus mashinaga bosib olib ketishdi», – deya Otabek Qo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Otabek Qo‘ldoshev

Jurnalist yo‘lda IIB xodimlaridan qayerga olib ketayotganini so‘ragan. Xodimlar uni qayerga olib ketishayotganini bilmasliklarini, topshiriqni bajarishayotganini ta'kidlashgan.

«Mashinada Qarshi shahar 1-sonli IIBga olib kelishdi. Ichkariga kirganimizda ism-familiyamni yozib, jarayon bo‘yicha ishni boshlashdi. Men ularga IIB binosiga kelgan har bir inson yaqinlariga qayerdaligini aytish huquqi borligi uchun yaqinlarimga va tahririyatimga xabar berishimga ruxsat berishlarini iltimos qildim. Ular iloji yo‘qligini aytishdi.

Rashid ismli «uchastkavoy» bilan gaplashganimizda, undan IIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati Iroda opaga telefon qiling dedim. Raqamini so‘ragandi, yoddan bilmasligimni va telefonimni berishsa, topib berishimni aytdim. O‘zida bor ekan, qo‘ng‘iroq qildi. Men ham gaplashishga ijozat so‘rab gaplashdim. Iroda opaga vaziyatni va bo‘lgan holatni aytib berdim.

IIB xodimi shaxsimga oid ma'lumotlarni va yashash manzilimni yozib oldi. Ushbu holatni tasvirga ham olishdi. Shu vaqtda yaqinlarimga va tahririyatga qayerdaligimni aytib qo‘yish, ya'ni qonuniy huquqlaridan foydalanishim uchun ruxsat so‘radim. Bo‘lim xodimlari binoning ichida telefondan foydalanishga ruxsat yo‘qligini aytishgach, tashqarida qo‘ng‘iroq qilib olishga izn oldim. Shundan so‘ng yaqinlarimga, Daryo.uz tahririyatiga holat bo‘yicha xabar berdim», – deydi Otabek Qo‘ldoshev.

Uning aytishicha, Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova telefon orqali suhbatda boshlig‘i bilan gaplashishini va vaziyatni yumshatishini aytgan. Rasulova jurnalistdan unga jarohat yetkazishgani yoki yo‘qligi bilan qiziqqan. Qo‘ldoshev IIB xodimlari jarohat yetkazishmagani, lekin telefonini majburan olib qo‘yishganini bildirgan.

«Tan jarohati yetkazilgani yo‘q. Faqat bitta narsa nafsoniyatimga tegdi – ish vazifamni bajaryotgandim, jurnalistligimni aytdim, xizmat guvohnomamni ham ko‘rsatdim.

O‘zimni himoya qilishim, ertaga biror gap-so‘z bo‘lsa, so‘zlarimni tasdiqlaydigan dalil bo‘lishi uchun xodimlar bilan suhbat jarayonini videoga olayotganimda kuch ishlatib telefonni tortib olishdi. Bu ham yetmagani kabi meni xuddi jinoyatchidek mashinaga tiqib olib ketishdi.

Bilmadim, balki IIB xodimlarining kundalik faoliyati shunday o‘tar. Duch kelgan odamni olib borib tiq, qama deyish tizimdagilarning odatidir. Shu jarayonga oydinlik kiritishlarini xohlayman. Xizmat guvohnomamni taqdim etgandim axir», – deydi jurnalist.

Iroda Rasulova ichki ishlar xodimlari jurnalistni tanishmagani uchun tushunmovchilik ro‘y berganini ta'kidlamoqda. U jurnalist va blogerlar bilan suhbatda ulardan ish jarayonida hujjatlarini o‘zlari bilan olib, beyjiklarini taqib yurishlarini iltimos qildi.

Jurnalistlar ichki ishlar xodimlari Otabek Qo‘ldoshevni qanday buyruqqa asosan idoraga olib kelishgani, bu jarayon bo‘lim daftarida nima deb qayd qilingani bilan qiziqdi.

«IIB xodimlarini va profilaktika inspektorlarining ish faoliyatiga aralashishga yoki ularni belgilanmagan tartibda s'yomka qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Sizga izoh kerak bo‘lsa, marhamat, matbuot kotibi orqali olishingiz mumkin. Ayni paytda ro‘y bergan holat o‘rganilmoqda. Xizmat tekshiruvi o‘tkazilgach, natijasi bo‘yicha rasman ma'lumot beramiz», – dedi Iroda Rasulova.

Iroda Rasulova

Ma'lum bo‘lishicha, rasmiy qaydnomada Otabek Qo‘ldoshev IIB bo‘limiga shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida keltirilgani yozilgan.

«Shaxsim ularga aniq edi. Guvohnomamni o‘qib, keyin «tiqish»ni buyurishdi. Uchastka noziri Rashid aka noto‘g‘ri topshiriqligini bila turib (u voqea bo‘lganida yonimizda edi), fuqaroni nega olib ketishim kerak deb so‘ramadi. Boshlig‘ining buyrug‘iga bo‘ysunishini va to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini muhokama qilolmasligini aytdi», – deydi jurnalist.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati holatga munosabat bildirib, kasb etikasini buzgan xodimning harakatlari o‘rganib chiqilib, huquqiy baho berilishini ma'lum qildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qarshi shahar IIB xodimi jurnalistga nisbatan bir nechta qonun normalarini qo‘pol ravishda buzgan deya bayonot berdi.

«Xususan, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko‘ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta'minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunining 9-moddasida «Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, ...ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirishi» zarurligi belgilangan.

Ushbu holat yuzasidan Agentlik o‘z vakolati doirasida Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yubordi.

AOKA ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimning xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko‘radi.

Ta'kidlash joiz, bu kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta'minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi davlat siyosatiga ziddir. Agentlik, o‘z o‘rnida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi», – deyiladi Prezident Administratsiyasi huzuridagi agentlik bayonotida.

Mavzuga oid