O‘zbekiston | 08:22 / 17.04.2021
5371
3 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi xodimlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi

Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Hujjat prezidentning 6.04.2021 yildagi «Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, suv xo‘jaligi vaziriga:

  • Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, shuningdek hududiy bo‘linmalar, tizimdagi tashkilotlar tuzilmalariga boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish;
  • yirik gidrotexnika inshootlari, eng avvalo, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda, qurilishida va ekspluatatsiya ishlari olib borilishida xavfsizlik choralari ko‘rilishi yuzasidan buyurtmachi, loyiha va pudrat tashkilotlari hamda suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar javobgarligini oshirish vazifalarini belgilash;
  • yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini maslahatchi sifatida jalb etish huquqi berildi.

Suv xo‘jaligi vazirining suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan o‘rinbosari quyidagilar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi:

  • suv tejaydigan texnologiyalarni hududlar tuproq-iqlim sharoitlari, ixtisoslashuvi hamda suv va boshqa zarur resurslar bilan ta'minlanganidan kelib chiqib joriy etishni tashkil qilish;
  • suv tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hisobini yuritish hamda davlat subsidiyalarini ajratish mexanizmini avtomatlashtirish;
  • suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash borasida ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi integratsiyani ta'minlash.

Suv xo‘jaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

  • suv xo‘jaligi sohasida DXSh loyihalarini amalga oshirish va autsorsing mexanizmlarini joriy etishni rivojlantirish;
  • suv xo‘jaligi obektlari boshqaruvini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish;
  • yer usti suvlaridan foydalanish bo‘yicha davlat suv kadastrini yuritishni zamonaviy texnologiyalar yordamida takomillashtirish.

Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Suv xo‘jaligi vazirligi tashkiliy tuzilmasi hamda markaziy apparati tuzilmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tuzilmasi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari apparati namunaviy tuzilmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi meliorativ ekspeditsiyalar apparati namunaviy tuzilmasi;
  • Suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» va boshqalar.

Mavzuga oid