Jahon | 01:47 / 20.04.2021
15163
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden hamda Putinning «oliy darajadagi uchrashuvi»ni tashkil etish muhokama qilindi

Foto: The Telegraph

AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jyek Sallivan hamda Rossiya xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Patrushev o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya xavfsizlik kengashi hamda Oq uy saytida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Suhbat AQSh tomonining tashabbusi bilan tashkil etilgan. Tomonlar Bayden hamda Putinning «oliy darajadagi uchrashuvi» hamda o‘zaro munosabatlarni yaxshilash borasida gaplashgan. AQSh va Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha yuqori lavozimli mansabdorlari bo‘lgan Sallivan hamda Patrushev qator siyosiy mavzularni muhokama qilgan. Xususan, yadro dasturlari va Koreya yarimorolidagi holat borasida fikr almashilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi saytida yozilishicha, Patrushev AQShning Rossiyaga qarshi joriy etgan yangi sanksiyalari asossiz ekanini ta'kidlagan va shunga qaramay, Rossiya muloqotga tayyorligini aytgan. Oq uy axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar doimiy muloqotda bo‘lishga kelishib olgan.

Ma'lumot uchun, 15 aprel kuni AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e'lon qilgandi. Unga ko‘ra, kiberhujumlar, «Qrim istilosi» va boshqa holatlar sabab Rossiya iqtisodiga jiddiy ta'sir qilishi aytilayotgan sanksiyalar joriy qilingan. Xususan, Rossiya davlat qarzini kamaytirish uchun muhim bo‘lgan davlat obligatsiyalar savdosiga qo‘yilgan cheklov Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Oldinroq Jo Bayden ABC telekanaliga intervyu berib, hamkasbi Vladimir Putinni qotil deb hisoblashini aytgandi. Bu gapga munosabat bildirgan Putin jonli efirda debat uyushtirishni taklif qildi. O‘z navbatida Putinga telefon qilgan Bayden uchinchi mamlakatda o‘zaro uchrashishni taklif qildi.

AQSh va Rossiya prezidentlari oxirgi marta 2018 yil Finlandiya poytaxti Helsinkida sammit ko‘rinishidagi uchrashuvlarda qatnashgandi. O‘shanda ko‘plab amerikaliklar Donald Trampni keskin tanqid qilgandi. Tramp 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bo‘yicha mamlakat razvedkasi ma'lumotini emas, Putinning so‘zlarini tasdiqlagani uchun amerikalik siyosatchilar uni prezidentlikka nomunosib deb atagan.

Rad etilgan «titanlar to‘qnashuvi»: Bayden va Putin debatga chiqsa, kim yutgan bo‘lardi?

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid