Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bag‘doddagi shifoxonada yong‘in: o‘nlab qurbonlar bor
Bag‘dodda koronavirus bemorlari davolanayotgan shifoxonada chiqqan yong‘inda 27 kishi halok bo‘ldi, yana 46 kishi jabrlandi. Yong‘inga kislorod ballonlari saqlangan xonada yuz bergan portlash sabab bo‘lgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Bu orada Iroqning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining ma'lum qilishicha, fojia oqibatida 30 kishidan 45 kishigacha halok bo‘lgan. Komissiya Iroq sog‘liqni saqlash vazirining iste'fosini talab qildi.
Bag‘dod janubida joylashgan Ibn al-Xatib shifoxonasida yong‘in chiqishidan oldin jonlantirish bo‘limi joylashgan 2-qavatdagi kislorod ballonlari saqlangan xonada portlash yuz bergan. Yong‘inni o‘chirishda 30ga yaqin o‘t o‘chirish brigadasi ishtirok etgan. Guvohlarning ta'kidlashicha, yong‘in chiqishi bilan shifoxonada sarosima boshlangan. Aksariyat qurbonlar o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmalaridan o‘chirib qo‘yilgani, qolganlari esa yonish mahsulotlaridan nafas bo‘g‘ilishi oqibatida halok bo‘lgan.
Portlash vaqtida shifoxonada 120ga yaqin odam bo‘lgan. Ulardan 90 nafari qutqarilgan.
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy voqeaning batafsil tergovini o‘tkazishni buyurgan. Shifoxona bosh shifokori, xavfsizlik xizmati boshlig‘i hamda texnik ta'minot uchun mas'ul bo‘lgan xodimlar hibsga olingan. Ma'lum qilinishicha, shifoxona yong‘in xavfsizligi qurilmalari bilan jihozlanmagan, xonalar esa oson alangalanuvchi materiallar bilan qoplangan bo‘lgan.