O‘zbekiston | 09:22 / 01.05.2021
11337
3 daqiqa o‘qiladi

Qibraylik besh bolali ona vatanli bo‘ldi. U yaxshilar ko‘magidan mamnun

Hech bir ayol turmushga chiqqach ota uyiga bo‘zlab qaytmasin ekan. Ayniqsa, farzandlari bilan. Besh farzandi bilan ota uyida og‘ir ahvolda yashayotgan qibraylik Dilorom opa haqida ikki yil avval yozgan edik. Uning turmush o‘rtog‘i tijoratda inqirozga uchraydi va yashab turgan uyidan ham ayrilib, o‘zi jazoni o‘tash muassasasiga yuboriladi. Dilorom opa farzandlari bilan qay eshikka bosh urishni bilmay ko‘chada qoladi. Sarson-sargardonliklardan keyin ota uyi unga boshpana bo‘ladi.

Har doim yiqilganni suyaydigan tanti xalqimiz bu oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bel bog‘ladi. Yaxshi insonlar ko‘magi bilan ota hovlisining bir tomonidan oilaga uy qurish ishlari boshlangan. Ramazon munosabati bilan opaning holidan xabar olish maqsadida Qibrayda bo‘ldik. Yaxshilar ko‘magida ko‘tarilgan to‘rt xonadan iborat uy deyarli bitay deb qolibdi.

Dilorom opaning o‘zi ham, farzandlari ham qarab o‘tirmay qo‘lidan kelgancha mehnat qilib, qurilishni oxiriga yetkazish, shirin turmush kechirish ilinjida yarim tundan shom qorong‘isiga qadar mehnat qiladi. Ha, aynan tundan shomgacha. Ular tunda «optom» bozorda ish boshlashadi.

 «Nonga pul topolmagan kunlarimiz bo‘lgan. Homiladorligimda ham bozorda xonim pishirib sotardim. Orada o‘g‘lim tug‘ilganda ishlashga imkonim bo‘lmadi. Endi o‘zim ham harakat qilyapman: gul bozorga borib ulgurji narxda olamiz, uyda bezatib chiroyli dizayn qilib do‘konlarga topshiramiz. Bundan tashqari, uyda turli pishiriqlar pishirib sotamiz, xullas tirikchiligimiz bor.

Bor umidim farzandlarimdan. O‘g‘illarim doim yonimda yurishadi, yolg‘izligimni bildirishmaydi», deydi Dilorom opa.

Oila a'zolari bilan iftor paytiga yaqin ko‘rishdik. Besh farzand iftorlik dasturxonini tayyorlashga kirishdi: bo‘ysira to‘rt o‘g‘ilning biri suv, biri piyola tashigan, opalari hovli supurgan... Hali bitmagan uy va unda iftorlikka yig‘ilgan baxtiyor oiladagi fayzni ko‘rish ko‘ngilni ko‘taradi.

«Farzandlarimdan kuch olaman. Men kuchli bo‘lmasam ular kimga suyanishadi? Ularga doim dalda berishga harakat qilaman. Mehnat qilishni, mehnat qilgan odam kam bo‘lmasligini o‘rgataman», deydi ona.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid